JURNALISTIKADA JANRLAR YO'QOLMOQDA(MI)?

Axborot uzatish vositalarining ko'payishi va rivojlanishi jurnalistik asarning kontenti (shakl va mazmuni)ga ham ta'sir etmasdan qolmadi. Endilikda asosiy e'tibor voqelik haqidagi axborotga emas, ko'proq voqelikning o'ziga qaratilmoqda. Bu ayniqsa, elektron OAVda yaqqol ko'zga tashlanmoqda.


Natijada jurnalistika nazariyasida janr tushunchasiga bo'lgan munosabat o'zgarib, axborot uzatishning turli shakllari rivojlanishi bora-bora janr tushunchasiga bo'lgan ehtiyojni yo'qotadi degan qarash paydo bo'layotir. 


"Hurriyat" gazetasining 2007 yil 21-mart sonida jurnalist Ibrohim Normatov "Jurnalistikada mahorat kerakmi yoxud unutilayotgan janrlar xususida" sarlavhali maqolasida matbuotda janr tushunchasining yo'qolayotganligi, jurnallarda, ayniqsa, gazetalarda janrlarning qashshoqlashishi oqibatida bir xillik yuzaga kelayotganligi haqida so'z yuritgan edi. Shuningdek, muallif eng ta'sirchan va hozirjavob janr reportaj, ocherk, feletonlar kamayib ketayotganligini, hattoki, ayrimlar pamflet nimaligini bilmasligini, qolaversa, nashrlarning ko'pligi ham saviya jihatdan gazetalar mazmunini no'noqlashishiga - bir xil qolipga tushib qolayotganiga sabab bo'lishini ta'kidlagan. 

   

Janr tushunchasi barcha davrlarda ham odamlarning axborotga qiziqishlari, uni qabul qilishga bo'lgan ehtiyoj, munosabatlariga qarab yuzaga kelgan va rivojlandi. U jurnalistika paydo bo'lganidan beri o'z davriga qarab rivojlanadigan, ijtimoiy jarayonlar ta'sirida o'zgarib boradigan tarixiy kategoriyadir. Buni Sankt-Peterburg universiteti professori G.Korkonosenko shunday izohlaydi: "Ishbilarmonlarning o'zaro munosabatlari gazeta sahifalarida "hisobot" janrini paydo qildi. Sir tutishga bo'lgan ehtiyoj tufayli xat janri yuzaga keldi. 1800 yilda "Jurnal de Debi" deb nomlangan fransuz gazetasi inqilobdan keyin odamlarni o'ziga ko'proq jalb etish va demokratik matbuotning ko'rinishi sifatida taassurot uyg'otish uchun feletonni o'ylab topdi. Shu tariqa barcha janrlar tarixan oddiylikdan murakkablikka, oddiy xabardan tortib tahliliy maqolagacha rivojlana bordi."


Ta'kidlash o'rinliki, har qanday jurnalistik asarni yaratish tegishli ma'lumotlarni yig'ishdan boshlanadi. Ma'lumot olishning keng tarqalgan usullaridan biri esa muloqotdir. 

Shu paytgacha jurnalistikaning rivojlanishi jarayonida rus tadqiqotchilari janrning o'rni, kompozitsion tuzilishi, tipologik, gneseologik, morfologik, aksiologik kategoriyalari mavjudligini aniqlab, janrlarni shular asosida tasniflaganlar. Ammo bugunga kelib, sohaning rivojlanishi bu tasniflarning eskirganligini ko'rsatmoqda. Endilikda zamonaviy jurnalistika nazariyasida "yangiliklar jurnalistikasi", "mualliflik jurnalistikasi", "tahliliy jurnalistika", "sharhlash jurnalistikasi", "reportyorlik jurnalistikasi", "yangi jurnalistika" "fuqarolik jurnalistikasi", "gonzo jurnalistika", "sifatli jurnalistika" kabi boshqa tasniflar ham paydo bo'ldi. 

Tahliliy jurnalistika axborot yetkazish bilan uni tahlil orqali jamoatchilikka tushuntirishni maqsad qiladi. Masalan, korrespondentsiyaning asosiy axboriy vazifasi "tushuntirish" bo'lib, unda o'tgan voqelikni atroflicha yoritish ustuvorlik qiladi. Uning vazifasi "Nimaga?", "Nima sababdan?" degan savollarga javob berishdir. Maqola voqelikning biror bir jihatini, qismini, u bilan bog'liq muammo, masalaning yechimini ochib berishga qaratilib, "Nima qilish kerak?" degan savolga javob berishni ko'zda tutadi. Taqriz aynan voqelikning o'zini emas, balki voqelik jarayonida  mavjud ob'ektni tahlil qilish orqali unga baho beradi. Jurnalist surishtiruvi esa muayyan voqelik yuzasidan haqiqat sir tutgan holatlarda adolatni qaror toptirish uchun olib boriladi. Sharh janrida muayyan voqea, vaziyat, jarayon yuzasidan olib borilgan tahlilning hayotiy realliklarga qanchalik mos kelishi, mantiqiy qarashlarning asosliligi ko'rsatib beriladi. Mazkur janrlarni birlashtiruvchi asos esa bu - tahlil va tadqiqotning mavjudligi bilan belgilanadi. 


Publitsistika janrlariga ocherk, esse, feleton, pamflet, xat, kichik hajviy janrlar kirib, unda ijtimoiy hayotni obraz va obrazlilik, xarakterlar yaratish, tipiklashtirish, shuningdek, fabula, kompozitsion qurilish, konflikt va yechim singari unsurlaridan foydalangan holda jurnalistik asar yozish maqsad qilinadi. Bu janrlar orqali axborot iste'molchilariga emotsional ta'sir ko'rsatish ko'zda tutiladi. Bundan ko'zlangan maqsad publitsistikaning mazkur janrlarida jamoatchilikka yetkazmoqchi bo'lgan fikr shunchaki axborot tarzida berilmasdan, kishilarning tuyg'ulari, hislariga ta'sir ko'rsatish orqali uning samaradorligini oshirishdir.  

Janr tushunchasi doimo o'zgarib va rivojlanib borganligi bois uning tugal nazariyasi ishlab chiqilgani yo'q. Ayniqsa, internetning OAV sifatida tan olinishi, bu masalani birmuncha chigallashtirdi. 

Shunday qilib jurnalistikada janrning o'rni muhim va uni soha mutaxassislari tomonidan o'rganishga ehtiyoj mavjud. 


Jahon jurnalistikasida janr xususida hozir ham  yangi-yangi fikrlar, yo'nalishlar, atamalar paydo bo'lmoqda. Ayniqsa, internet jurnalistikada paydo bo'lgan infografika, sleninglar, ma'lumotlar jurnalistikasi (date journalizm) ana shular jumlasidandir. Yangiliklar, uning atrofidagi bahs-munozaralarning bo'lishi tabiiy jarayondir. 



Manzura MANSUROVA,

O'ZJOKU 2-bosqich talabasi.

                                     

@ishtixonovozi