YO'QOTILAYOTGAN AVLOD

Dars va yumushlardan bo'shab yangiliklardan xabardor bo'lish bahonasida ijtimoiy tarmoqlar bilan tanishib chiqdim. O'zim uchun kerakli yangiliklarni ko'zdan kechirdim, uzog'u yaqin insonlarim bilan g'oyibona suhbatlashib bo'lgach, qisqa muddat ichida ommalashib ulgurgan "Tik-tok" platformasida nima gaplar ekan deya kirdim.

O'zim anglamagan holda 2 soatim qanday o'tganini sezmay qolibman. Shu 2 soatda “tik -tok” platformasini kuzatar ekanman, unda foydali kontentlardan ko'ra yoshlar tarbiyasiga, ongiga salbiy ta'sir etadigan lavhalar ko'pligi dilimni xira qildi. Kuzatishlar chog'ida shu narsaga amin bo'ldimki,      “tik-tok”platformasi auditoriyasini asosan yoshlar tashkil etar ekan. 

“Tik -tok”da birin-ketin qisqa videolarni kuzataman. Bir bolaning onasini yuziga tort chaplaganiyu, "like" yig'ish bahonasida onamni o'ldiraman degan gaplariga ko'zim tushadi. Vo ajab?! Odamlardan like yig'ish, mashhurlik bahonasida yorug' dunyoga keltirib, ulg'aytirgan volidasi haqida shunday gaplar gapirsa? Yosh bolani bola deymiz, ammo yoshi ulg'aygan, aqlini tanigan bir yigit Alisher Navoiy haykali ostida uni behurmat qilib, o'z ishidan hech uyalmasdan g`urur bilan bo'y cho'zib turgan videolarni ham ko'rdim.Nahotki, ajdodlarimizga bo'lgan hurmat shu bo`lsa? Bizning tilimizni yuksaklarga ko'targan zotga nisabat shunday hurmatsizlik oddiy bir like yig'ish uchunmi? Boshqa bir videoda esa o'zbek qizlarining bachkana qiliqlariyu, uzini ko'z-ko'z qilishdan nariga o'tmaydigan lavhalarga ko'zim tushdi. Bunday holatlarni ko'rib achinasan kishi. 

Bizning millatimizga, qadriyatlarimizga mos kelmaydigan kiyinish madaniyati qo'shtirnoq ichida zamonaviylashgan qaysidir ma`noda yoshlar ongiga salbiy ta`sir etib, ularni  shunday tarbiyasizlik va bachkanalikka targ'ib etyapti. Chunki inson nimanidir ko'rar ekan, istar- istamas unga taqlid qila boshlaydi. Guruch kurmaksiz bo`lmaydi. Yaxshilar ichida yomonlar ham bor degimiz keladiyu, ammo “tik -tok”da foydali kontentlar ham, uni kuzatuvchilari ham sanoqli, xolos. Bu bachkanalikni asosiy kuzatuvchilari esa yoshlar bo'lib qolmoqda. Yoshlarga bunday bach-kanalikni ochiq namoyish etishdan ko'ra  ular ongida milliy qadriyatlarimiz, shonli tariximizni singdirib ularda faxr hissini uyg'otish orqaligina biz ajdodlarimizga munosib avlod bo'la olamiz. Buning uchun esa ko'proq bilim olish har doim          asqotadi. Yozuvchi Said Ahmad takidlaganidek: “Bolalarni kitob o'qishga o'rgatish kerak. Toki ular ishchi kuchi bo'lib emas, ongli, katta jamiyatning bilag'on a'zolari bo'lib yetishsinlar. Faqat “tik -tok”da “o`tirish” esa ayni ilm oladigan vaqtini behuda o'tkazishdan boshqa narsa emas.

Marjona SHOHIMARDONOVA.