TO`QSONBOSTI EKINLARI EKMOQCHIMISIZ? TAYYORGARLIKNI BOSHLAYVERING

Omilkor dehqonlar shu kunlarda asosiy va takroriy ekinlar hosilini yig‘ib-terib olish barobarida to‘qsonbosti ekinlar ekishga taraddud ko‘rmoqdalar. Chunki sovuqqa chidamli bo‘lgan sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, osh, lavlagi kabi sabzavot-larni, kashnich, petrushka, selderey, salat bargi kabi ko‘katlarni to‘qsonbosti mavsumida ekib yetishtirish orqali ulardan yaxshigina daromad olish mumkin. To‘qsonbosti usulida sabzavot urug‘lari ekilgan egatlar ustini chirigan mahalliy o‘g‘it yoki daraxt qipiqlari yoki shaffof polietilen plyonkalar bilan yopish ekilgan sabzavot urug‘larini erta ko‘klamda barvaqt unib chiqishini ta`minlaydi. Shuningdek, jadal o‘sib-rivojlanishi hisobiga erta bahorda ekishga qaraganda hosili 25–30 kungacha ertaroq yetilib, hosildorligi esa 15–20 foizga ortadi.

Kuzgi sovuq va yog‘ingarchiliklar boshlanmasdan oldin to‘qsonbosti usulida ekish uchun noyabr oyining oxiri-dekabrning birinchi o‘n kunligi juda qulay.  Sovuqqa chidamli sabzavot ekinlaridan sabzi, piyoz, osh lavlagi, ko‘kat sabzavotlar (ismaloq, ukrop, petrushka, selderey, kashnich, salat) ekinlarining urug‘lari sepiladi. To‘qsonbosti qilib sepiladigan sabzavot urug‘lari sarfi 20 foizgacha ko‘proq bo‘lishi kerak.

Bu muddatda sepilgan sabzavot ekinlarining urug‘lari qish mavsumida unmaydi, qishki yog‘ingar-chiliklar natijasida urug‘lar tuproqdagi namlikka to‘yinadi va ko‘klamda barvaqt begona o‘tlar urug‘laridan oldin unib chiqa boshlaydi.

Kuzda ekilgan sabzi, piyoz va lavlagining barglari ko‘klamda ekilganiga qara-ganda 1,5–2 baravar katta bo‘lib, hosil 25–30 kun oldin yetiladi.  Hosildorligi gektaridan 14–15 foizgacha yuqori bo‘ladi. Bunda ushbu ekinlarning erkaklab ketmaydigan navlarini ekish maqsadga muvofiq.

To‘qsonbosti muddatda piyozning mahalliy “Istiqbol”, “Zafar”, xorijning “Manas” “Daytona”, “Leone”, “Banko” kabi navlarini ekish tavsiya etiladi.

Piyoz urug‘ini to‘qsonbosti usulida ekish muddati janubiy viloyatlarda 1-30 dekabr, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda 15 noyabr-15 dekabr, shimoliy mintaqalarda 1 noyabr-             1 dekabrga to‘g‘ri keladi. Piyoz urug‘i gektariga 18 kilogramm   hisobida ekiladi.

Katta maydonlarda “SKON-4,2,”, “SMM-4” rusumli seyalka bilan, kichik maydonlar qo‘l kuchi yordamida yerning nishabiga qarab qator oralarini 70–90 santimetrdan olib uch-to‘rt qatorli usulda yoki qo‘lda sochib ekiladi. Urug‘lar 1,5–2 santimetr chuqurlikka ko‘miladi. Urug‘ sepilgandan so‘ng maydon sug‘orilmaydi. Barcha agrotexnik tadbirlar bahorda boshlanadi.

Bahorda piyoz dastlab o‘simliklarning bo‘yi 6–8 santimetrga yetganda, ikkinchi marta bozorga bog‘lab chiqariladigan tovar holiga kelganda o‘toq va yagana qilinadi. Qator oralariga ishlov beriladi va o‘g‘itlanadi.

Piyoz maysalari ko‘ringandan keyin sug‘oriladi. Birinchi suv odatda bahorgi yog‘in-sochin to‘xtagandan keyin beriladi. Ko‘klam seryog‘in kelgan yillarda bu muddat aprelning ikkinchi yarmiga, yog‘in-garchilik kam bo‘lgan yillarda esa aprelning boshlariga, ayrim hollarda esa hatto, mart oyining oxiriga to‘g‘ri keladi.

Sizot suvi chuqur joylashgan bo‘z tuproqli yerlarda ko‘klamning oxiri-yozning boshlarida piyoz har 7–10 kunda sug‘oriladi. Hosil iyul oxiri-avgust oylarida yig‘ishtirib olinadi.


 ✅@ishtixonovozi