SOHIBQIRON YODI BIZGA NIMALARNI ANGLATDI?

Sentabr oyi yurtimizda unutilmas voqealarga boy bo'ldi. Ularning eng muhimlaridan biri, shubhasiz,  28-30- sentabr kunlari bo'lib o'tgan  "Amir Temur - dunyo olimlari va adiblari nigohida" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumandir.

Darhaqiqat, keyingi yillarda buyuk bobokalonimiz Amir Temurni anglash va uning bosib o'tgan zalvorli hayot yo'liga bo'lgan qiziqish yanada ortib bormoqda. Bu albatta, har bir yurtdoshimiz qalbiga g'urur va iftixor bag'ishlaydi.  Shu bilan birga Sohibqiron Amir Temur va temuriylar saltanati tarixini yanada chuqurroq o'rganishga da'vat etadi.

Ta'kidlash lozimki, Amir Temur nomi nafaqat yurtimiz, balki dunyo tarixida ham unutilmas iz qoldirgan.  Dunyo olimlarining ma'lumot berishlaricha, bugun Sohibqiron va uning hukmronlik davriga bag'ishlangan 6 mingdan ziyod ilmiy va badiiy asarlar mavjud. Shuningdek, olti yuz yil mobaynida buyuk sarkardaga bag'ishlab Yevropa tillarida 500 dan ziyod, Sharq tillarida esa  900 ga yaqin yirik tarixiy asarlar yozilgan. Zero, Sohibqironning insoniyat oldidagi unutilmas xizmatlarini o'rganish hech qachon tugamaydi.

Xo'sh, o'tgan shuncha yillar davomida bobokaloni-miz shaxsi, uning davlatchi-lik tarixini o'rganishga bo'lgan qiziqish nega oz bo'lsada susaymadi? Garchand, sobiq Ittifoq davrida biz, ya'ni Sohibqiron avlodlariga bu zot nomi bilan bog'liq voqea-hodisalar butunlay boshqa holatlarda talqin etilgan bo'lsa-da, bizdan olislardagi mamlakatlar uni xaloskor deb atadilar. Buyuk davlatchilik tarixini o'rganish, tahlil etishdan to'xtalmadi. Aksincha,  Amir Temurning shaxs sifatidagi ochilmagan qirralari kashf etildi, uning siymosida tengsiz bir dahoga xos xislat va xosiyatlar mujassam bo'lganligi tarixiy haqiqat sifatida qayta - qayta ta'kidlab kelindi.

Ming shukurki, bugun yurtimizda tarixni, u qanday kechganligidan qat'iy nazar asl haqiqat nuqtai nazaridan o'rganish imkoni yaratildi. Shu o'rinda biz televideniye, ijtimoiy tarmoqlar  va matbuot nashrlari orqali katta qiziqish bilan kuzatganimiz ilmiy-amaliy anjuman ham o'zini shu yurt farzandiman deb bilgan har bir o`zbek uchun unutilmas voqeaga aylandi, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Ushbu yirik xalqaro anjumanning yalpi majlisi "Amir Temur va temuriylar davri manbashunosligi va tarixshunosligi masalalari", "Temuriylar davri davlat boshqaruvi va  xalqaro munosabatlar", "Temuriylar Renessansi: ilm-fan, madaniyat va bunyodkorlik",  "O'zbek va jahon adabiyotida Amir Temur obrazi" deb nomlangan to'rt  sho`ba asosida o'tkazildi. Unda  AQSh, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Turkiya,  Misr, Ummon, Eron, Pokiston, Ozarbayjon kabi 14 mamlakatdan 20 ga yaqin nufuzli mehmonlar bevosita va videokonferensaloqa orqali ishtirok etishdi.

-Amir Temur oddiy odam bo'lmagan,- deydi  xalqaro Bobur jamoat fondining Shvetsiyadagi vakili Said Abdulhakim Shar'iy Juzjoniy.- U jahongirlar ichida birinchi fotih, 27 davlatni birlashtirib, buyuk imperiya qurgan, arablar tili bilan aytganda, Qutbai hasana, ya'ni eng yaxshi rahbar maqomiga ega inson edi. Dunyoda konstitutsiya tushunchasini bilmas edi kishi. Lekin "Temur tuzuklari" davlatni boshqarish qoida va qonunlarini butun dunyoga ko'rsatib bergan. U 5 narsaga e'tiqod qilganki, ulardan biri kitob bo'lgan. Chunki, kitob insonni tarbiyalaydi. Xo'sh, Amir Temurni dunyo miqyosida o'rganish yoshlarga nima beradi?   Bu izlanish yoshlarni yaxshilikka undaydi.

Anjumanga  Tehron universiteti qoshidagi Ilmiy tadqiqot instituti professori, temurshunos olim Amir Temur  Akbar Rafei ham tashrif buyurdi. U temuriylar davrida Turon va Eronda ilm-fan, adabiyot va san'at sohalarida katta yutuqlarga erishilganini alohida ta'kidladi. Bu davrning muhim xususiyati sifatida taraqqiyot doirasining juda kengayib, butun imperiya bo'ylab  Samarqanddan Buxorogacha, Buxorodan Hirotu Balx, Mashhad va Sharqning boshqa shaharlarigacha ushbu madaniy ta'siri  yaqqol sezilib turgan. Temuriylar davrida faqat markaziy hokimiyat emas, turli hududlardagi hokimlar ham o'z g'aznasi hisobidan olim va ijodkorlarga homiylik qilishni sharaf deb bilgan va bunday muhitda Renessans ro'y bermasligi aslo mumkin emas edi. Bular haqida XV-asrda yashab o'tgan mashhur tarixchi Ibn Arabshohning "Amir Temur tarixi" asarida ham juda qimmatli ma'lumotlar qayd etiladi:

"Temur olimlarga mehribon bo'lib, sayyidu shariflarni o'ziga yaqin tutardi. Ulamolar va fozillarga to'la-to'kis izzat ko'rsatib, ularni har qanday kimsadan batamom  muqaddam ko'rardi. Ularning har birini o'z martabasiga qo'yib, o'z ikromu hurmatini unga izhor etardi... Temur har qanday hunar va kasb bo'lmasin, agar unda biron fazilat va sharofat bo'lsa, shu kasb egalariga g'oyatda mehr qo'ygan edi... Temur Samarqandda  ko'pdan-ko'p bo'stonlar barpo qilib, baland va mustahkam qasrlar bunyod etdi. Ularning har qaysisi g'arobatli tartibda, ko'rkam va ajib suvratda edi. Bo'stonlar asosini mustah-kam qilib, fahomatli mevali ko'chatlar bilan ularni bezadi. Birini "Bo'ston ul-Elam", ikkinchisini "Ziynat ud-Dunyo", yana boshqasini "Jannat ul-Firdavs", unisini "Bo'ston ush-Shimol",  bunisini "Jannat ul-Oliy " deb atadi. U bo'stonlardan har birining ichida bir qasr qurdirdi... "

Bu kabi qimmatli ma'lumotlar O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi muxbir a'zosi, tarix fanlari doktori Abdulahad Muhammadjonovning "Temur va temuriylar saltanati" nomli tarixiy ocherkida ham    keltirilgan.

Ma'lumki, Temur hukmronligi 35 yil davom etgan va tarix silsilasida o'chmas iz qoldirgan. Chunki, u yirik va qudratli davlat barpo etibgina qolmay, uni idora qilish, xalqaro munosabatlar, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik va obodonchilik borasida ham o'z kuch-qudratini yaqqol namoyon etgan.   

Shu nuqtai nazardan ham Amir Temur hayoti va faoliyatiga oid manbalarni o'rganish muhim ahamiyatga egadir. Zero, istiqlol bergan imkoniyatlar bizga buning uchun keng yo'l ochmoqda. Yurtimizda bo'lib o'tgan ilmiy-amaliy anjuman ham bunga yorqin misoldir. 

Endilikda bobolarimiz yashab  o'tgan shonli tarixni u yoki bu maqsadlardan kelib chiqib emas, aynan tarixiy haqiqat yo'lidan borib, asl manbalardan o'rganamiz, o'rganishimiz kerak va shart!


Muqaddam HAYITOVA,

jurnalist.

@ishtixonovozi