TURIZM VA XIZMATLAR: IMKONIYATLAR YETARLI

Joriy yilda tumandagi MFYlarda turistik jozibadorlikni oshirish hamda turistik salohiyatga ega mahallalarda zarur infratuzilmalarni tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Odil MFY Qoraxoni qishlog'ida ekoturizm, Do'stlik MFY Qulchara-2 qishlog'ida etnoturizmni rivojlantirish, ushbu hududlarga olib boruvchi avtomobil yo'llari holatini yaxshilash, piyodalar o'tish yo'laklarini tashkil etish, yo'l belgilarini o'rnatish hamda aloqa va internet sifatini yaxshilash bo'yicha bir qator ishlar olib borilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi "O'zbekiston Respublikasida turizmni   jadal rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi   Farmoni ijrosini ta'minlash hamda tumanda 2020-yil davomida turistlar tashrif buyuradigan obyektlar, aholi gavjum joylar va avtomobil yo'llari bo'ylarida tasdiqlangan namunaviy loyihalar asosida zamonaviy sanitariya-gigiyena shaxobchalari qurish eng muhim masalalardandir.  Tuman hududagi “M-37” avtoyo'l bo'yida, ya'ni O'zbekiston, Xalqobod, Safoxo'ja, Qoraqo'yli   va Azamat MFYlarda 4 ta joy belgilab olingan bo'lib, bugungi kunga qadar  joylarning 2 tasi (O'zbekiston MFY va Safoxo'ja MFY) zamonaviy sanitariya-gigiyena uzeli qurish uchun tadbirkorlik sub'ektlariga ajratib berildi. Qolgan ikki hududda sanitariya-gigiyena uzeli qurish uchun loyiha tashabbuskorlari aniq-lanmoqda.

Shuningdek, Xalqobod MFY Boday qishlog'ida joylashgan tuman hokimligi zaxirasida bo'lgan yer maydonida, elektron-onlayn auksion g'olibi bo'lgan fuqaro  Muhiddin O`rinovga mehmonxona qurilishi uchun yer maydoni ajratib berilgan.  Loyiha qiymati 18 000,0 mln so'mni tashkil etadi. Ushbu loyihani amalga oshirishda qo'shimcha savdo, umumiy ovqatlanish, zamonaviy sanitariya-gigiyena shaxobchasi hamda Wi-Fi zonasi kabi foydalaniladigan xizmatlarni ham tashkil etish rejalashtirilgan.  Loyiha 2021 yilda to'liq ishga tushirilishi va 18 ta yangi ish o'rinlari yaratilishi ko'zda tutilgan.

Tumanda ekoturizmni rivojlantirish maqsadida Qoraxoni qishlog'i hududida "Ertaklar olami" turistik maskani tashkil etilgan. Bugungi kunda rekonstruksiya ishlari  yakuniga yetkazildi va natijada maskanga turistlarni qabul qilish 30 foizga oshirilishiga erishildi. Hozirda ushbu maskanda yoz kunlari bir yo'la 100 nafar, qish kunlarida 50 kishiga xizmat ko'rsatish imkoniyati yaratildi. Mazkur turistik maskanda ayni vaqtda mahalliy aholi tashrif  buyurib madaniy hordiq chiqarishmoqda. 

Mitan qo'rg'onidagi "Polvon ota" ziyoratgohida  ham bugungi kunda mahalliy aholi tomonidan ichki turizmni rivojlantirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu yerga keluvchilar Imom al-Buxoriy, Nurota yoki boshqa ziyoratgohlarga borishdan oldin avvalo o'zlari hayot kechirayotgan hududdagi ulug' qadamjolarga borib ko'rib, yaqindan tanishib, keyin safarlarini davom ettirishi an'anaga aylangan.


Alisher QAMAROV,

tuman hokimining o'rinbosari - investitsiya 

va tashqi savdo bo'limi boshlig'i.

@ishtixonovozi