KOMSTOK QURTI – XAVFLI ZARARKUNANDA

Komstok qurti teng qanotlilar turkumiga mansubdir. Uni deyarli barcha mevali va manzarali daraxt, daraxtsimon o‘simliklar hamda ayrim o‘tsimon o‘simliklarda (hatto tut qatorlariga yaqin joylarda, g‘o‘zada ham) uchratish mumkin. Mevali daraxtlardan anor, olma, nok, shaftoli, shuningdek, tutlarni qattiq zararlaydi. Komstok qurti har qanday daraxtda uchrashi, panada hayot kechirishi, biologik xususiyatlari juda ko‘p urug‘li bo‘lib, tabiatda tez tarqalishi hisobiga unga qarshi kurashish juda qiyindir.


Komstok qurti turli mamlakatlarda ma’lum ekinlarga juda ko‘p zarar yetkazadi. Masalan, Yaponiyada u tutga katta zarar yetkazadi. Xitoyda esa choy plantatsiyalariga, AQShda bananlarga, Koreyada olma daraxtlariga zarar yetkazadi.

Komstok qurti 300 xil o‘simlikni zararlaydi. Ular daraxt tanasi, shoxlari va barglarida katta-katta koloniya bo‘lib joylashadi va daraxt shirasini so‘rib olib, uning darmonini quritadi va o‘sishini zaiflashtiradi.

Kuchli zararlangan daraxtlarda shishlar paydo bo‘lib, yosh novdalar quriydi va barglar to‘kiladi. Shaftoli, behi, nok, olma, uzum, zarang, chinor, kartoshkada ham oz bo‘lsada, uchrab turadi.


   Tutda, ko‘pgina manzarali daraxtlar va buta o‘simliklarida komstok qurti barglarning ostki yuzida, kurtagi, ko‘k novdalarining butog‘ida, shuningdek, daraxt tanalari va shoxlarida oziqlanadi. Komstok qurti mevali daraxtlarda gulkosalar va meva bandlari tevaragida to‘planishni yaxshi ko‘rib, barglaridan qochadi hamda novdalarda uncha rivojlanmaydi.


Komstok qurti bahor va yozda anor tupining ildizi va novdalarida rivojlanib, kuzda esa meva kosachalarining ich-ichiga kirib ketadi. U sabzavot ekinlarining barg qatlarida va ildiz-mevalarining yuqori qismida tarqaladi. Kartoshkada bu qurt ildiz bo‘g‘nining va kartoshkaning o‘zini shikastlantiradi.


Komstok qurtiga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borish uchun bir qancha kurash tadbirlari ishlab chiqilgan. Bularga quyidagi karantin tadbirlari kiradi: ko‘chatlarni ko‘zdan kechirish hamda komstok qurtiga qarshi agrotexnik, biologik va kimyoviy kurash usullari tashkiliy-xo‘jalik, agrotexnik, biologik va kimyoviy usullar yordamida zararlangan daraxtlardagi komstok qurti zichligini kamaytirish, uning keyinchalik rivojlanishi uchun noqulay sharoit yaratish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri daraxt hamda mevani himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish lozim.


Biologik kurash sifatida psevdafikusni laboratoriya va dala sharoitlarida ko‘paytirish mumkin. Buning uchun kuzda mumiyalashgan komstok qurtlarini tabiatda yig‘ishtirib olib, laboratoriyaga olib kelinadi va sovutgichlarda -3 dan +60 gacha bo‘lgan sharoitda bahorgacha saqlanadi. Mart-aprel oylarida esa qaytadan tabiatga, komstok qurti tarqalgan daraxtlarga qo‘yib yuboriladi.


 Kimyoviy kurash sifatida komstok qurti tarqalgan daraxt va o‘simliklarga quyidagi insektitsidlar bilan ishlov beriladi: siperfos – 0,1%, dursban – 0,1%, karate, talstar – 0,05%, benzofosfat – 0,3%, mospilan – 0,02%, konfidor – 0,03%, sipermetrin – 0,03%.


Komstok qurti o‘choqlarini topish, tarqalish chegarasini belgilash hamda qarsh kurash miqyosini aniqlash uchun mutaxassislar har yili tut, anor ko‘chatlari hamda boshqa daraxt va dala ekinlari, begona o‘tlarni ko‘zdan kechiradilar.

Komstok qurti tarqalmagan hududda uning tarqalishi ehtimoli kutilgan joylarda (shaharlar, tuman markazlari, aholi yashaydigan punktlar, issiqxonalar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, tomorqalar, vokzal, aeroport, avtostansiya, bozor hududlari komstok qurti tarqalgan hududdan keltirib o‘tkazilgan ko‘chatlar va qo‘riqxonalarning tevaragi) tut, anor ko‘chatlari batamom ko‘zdan kechirib tekshiriladi. Daraxtda komstok qurti topilgan bo‘lsa, shu o‘choqdan 5-10 km kenglikdagi barcha daraxtlar tekshirib chiqiladi.


Karantinga olingan hududda xo‘jalik, tashkilot, korxona rahbarlari shu zararkunandaga qarshi kurashish tadbirlarining o‘z vaqtida va to‘la bajarilishiga mas’uliyatli bo‘lib, quyidagi karantin qoidalariga amal qilishlari darkor.


1) payvand qilinadigan tut va boshqa dov-daraxtlar faqat komstok qurti bilan zararlanmagan uchastkalardangina olib tayyorlanishi kerak;

2) komstok qurti bilan zararlanmagan tumanlarga tut bargi olib borilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

3) zararlangan hududdan boshqa xo‘jaliklar, tuman, shahar, viloyat va respublikalarga ko‘chat hamda o‘simliklardan olinadigan boshqa mahsulotlar o‘simlik karantini va himoyasi bo‘yicha davlat xizmati organlari beradigan karantin sertifikatlariga asoslangan, karantin qoidalariga rioya qilgan holda yuboriladi;

4) komstok qurti karantin ostiga olingan hududlarda yangi ko‘chatzorlar, tutzorlar, bog‘lar, tokzorlar, anorzorlar faqat o‘simlik karantini va himoyasi bo‘yicha davlat xizmatining ruxsati bilangina barpo qilinmog‘i shart.


A.Amirov, 

B.Absamatov 

Samarqand viloyat o'simliklar karantini va 

himoyasi agentligi Ishtixon tuman bo'limi inspektorlari.

@ishtixonovozi