PAZANDA AYOL RO‘ZG‘ORGA BARAKA KIRITADI

Hafiza o‘rta maktabni bitirganidan so‘ng ko‘p o‘tmay uni uzatib yuborishdi. Turmush o‘rtog‘ining xizmat vazifasi tufayli bir muddat Samarqand shahrida yashashlariga to‘g‘ri keldi.Shaharda yashash oson emas, oilaning kami-ko‘sti esa bitmaydi. Mana shularni hisobga olgan Hafiza “Shirin dunyo” korxonasiga ishga kirdi va shu-shu pazandalikka mehri tushdi. Oradan bir necha yil o‘tib Ishtixonga qaytganlaridan so‘ng ishini sog‘inadigan bo‘ldi. 

 Ko‘p yillar el orasida yurib, odamlarning ruhiyatini yaxshi tushunib qolgani uchunmi qaynotasi Sayfulla Ro‘ziev kelinidagi intilishni sezgach o‘g‘liga yaxshi bir maslahat berdi.
 -O‘g‘lim, hozir tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgan. Kelinning qo‘lida yaxshi hunari bor, ungi imkoniyat yaratib bersak yomon bo‘lmas edi,- dedi bir kuni Alijonga otasi.  U kishi yosh farzandlari borligi uchun o‘g‘lida bu ishni boshlash uchun yetarli sarmoya yo‘qligini ham yaxshi bilardi. Shuning uchun yakka tartibdagi tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish ishlariga o‘zi bosh bo‘ldi. Ayni paytda Hafiza Ro‘zieva o‘z xonadonida turli xil pishiriqlar pishirishga kirishib ketdi. U tayyorlagan mahsulotlarga dastlab qo‘ni-qo‘shni, yaqin-yiroq qarindoshlar xaridor bo‘lishgan bo‘lsa, endilikda Ishtixon shahri va tuman hududidagi do‘konlardan ham buyurtmalar tushmoqda. Asta-sekinlik bilan Hafiza o‘z yoniga yordamchilar ham oldi. Zarnigor Murodullaeva, Zuhra Abilova, No‘zal Shirinboeva, Surayyo Shodieva va Nasiba Sayfullaevalar qisqa muddatda ishni o‘rganib olishdi. 


 - To‘y-marosimlar, tug‘ilgan tun tadbirlari uchun tort va boshqa shirinliklarga buyurtma ham qabul qilamiz,-deydi Hafiza Ro‘zieva. – Kelgusida ishni yanada kengaytirish niyatim bor. Faqat buyurtmalarni o‘z egalariga yetkazib berishda bir oz qiyinchilik sezayapmiz. Agar birorta “Damas” rusumli yuk tashish transporti xarid qilsak bu muammo ham yechilardi. Buning uchun kam foizli avtokredit masalasida yordamga muhtojmiz.

 Kichik sexdagi katta ishlarni kuzatib beixtiyor xayolga toldik. Mana shu ayollar tayyorlagan shirin-shakar pishiriqlarning asosiy xaridori ham opa-singillarimizdir. Demak, pazanda ayol ro‘zg‘orga baraka kiritadi, deganlari rost ekanda. Bunga Hafiza Ro‘zieva faoliyati yorqin misoldir.
                                                                       

M.MAMANAZAROVA.

✅@ishtixonovozi
Мавзуга оид: