MEHNAT SAXOVATGA O’RGATADI

El ma'murligi, dasturxonlarimiz to‘kinligi nimadan? Bu savolga ko‘pchilik “Ona zamindan, bobo dehqonlarimizning zahmatli mehnatidan!”-deb javob beradi. Darhaqiqat, dehqon  mehnatiga tarif berilganida, bekorga “zahmatkash”, “peshona teri evaziga ma'murchilik yaratuvchi” degan atamalar qo‘llanilmaydi. Chunki, ona zamin butun mavjudotga rizq beruvchi bo‘lsa, dehqon ana shu rizqni bunyod etguvchidir. Hazrat Mir Alisher Navoiy o‘zining “Mahbub ul-qulub” asarida  dehqonu mirishkorlar  mehnatiga alohida to‘xtalib o‘tgan ekanlar.  Mazkur asarning  “Dehqonlar zikrida” deb nomlangan alohida bobida shunday yoziladi: “Olam ma'murlig‘i alardin, olam ahli masrurlig‘i alardin. Dehqonki dona sochar, yerni yormoq ila rizq yo‘lin ochar... Dehqonki  tuzluq (to‘g‘rilik, yaxshi niyat) bila dona sochar, Haq (Alloh) biriga yetti yuz eshigin ochar”.  Xalq tilida dehqonlarga nisbatan “Rizq yo‘lini ochuvchilar” degan ibora bekorga aytilmagan. Biz tumanimizning Safoxo‘ja qishlog‘i hududidagi dala-dehqonchilik ishlari bilan yaqindan tanishar ekanmiz, bu so‘zning ayni haqiqat ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik.

QOZON  HAM, CHO‘MICH  HAM MOY!                       

Aslida bu hududga tashrifimizning boisi katta magistral yo‘l bo‘yidagi dalalarda  ko‘kka bo‘y cho‘zib yashnab turgan kungaboqarlarga qiziqish tufayli bo‘ldi. Bu o‘simlik bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga ekilgan bo‘lib, niholi to‘liq va sog‘lom o‘sayotganini ko‘p kuzatdik. Bir gal Safoxo‘da MFY raisi Salomat opa Tohirova bilan suhbatlashganimizda:

 -   Kungaboqar maydonlari “Ishtixon oltin yerlari”  fermer xo‘jaligiga qarashli, dehqonlari mening qishloqdoshlarim!-dedi faxr bilan. Bu gap bizni yo‘lga chorladi. 

 Komilxon Usmonov yetakchilik qilayotgan 14-brigada fermer xo‘jaligida eng ilg‘or jamoalardan biri sanalar ekan. Shamil Zopirov, Sunnatulla Usmonov va Munira Saidovalardan iborat bu kichik jamoa o‘zlariga birkitilgan 50 gektar maydonda paxta va g‘alla yetishtirishadi. Ish qizg‘in paytda Safoxo‘ja qishlog‘ida istiqomat qiluvchi kam ta'minlangan oilalarning vakillari mavsumiy ishlarga jalb etiladi. Shu yo‘l bilan barcha ekinlarning hosili o‘z vaqtida, sifatli yig‘ib-terib olinadi.


Brigadada har yili rejalar oshirib uddalanishi bilan birga g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ham ekiladi. Bu yil 4 gektar maydonga takroriy ekin sifatida qora navli kungaboqar urug‘i ekildi. Ayni paytda dalada hosil pishib yetilay deb qoldi.

 Komilxon akaning o‘zi usta dehqon. Ishning ko‘zini bilgani uchun brigada dalalaridagi ish ko‘lami ko‘zni quvontiradi. -Kungaboqarning ushbu navi Fransiya davlatidan keltirildi va klasterimizga qarashli 150 gektar yerga ekdik. Bu ekin gektaridan 30 sentnerdan hosil berishi bilan birga yog‘lilik darajasi ham juda yuqori,- dedi biz bilan suhbatda “Maroqand sifat tekstil” MChJ rahbari Ahad Karimov.- Yerdan unumli foydalanish bilan bir vaqtda Prezidentimizning “Yog‘-moy tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash, aholining sifatli yog‘-moy mahsulotiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga hissa qo‘shish maqsadida bu yil 150 gektar maydonga kungaboqar ekdik. Yetishtirilgan hosil klaster qoshidagi, ya'ni viloyatimizning Toyloq tumanida joylashgan  yog‘ zavodida qayta ishlanadi.  G‘alladan bo‘shagan maydonlarga yana turli dukkakli ekinlar ekilgan. Dalada hosil mo‘l, dehqonlarimizning daromadi ham mehnatiga yarasha bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, klaster hududidagi barcha qishloqlarda kam ta'minlangan aholi hamda ishsiz yoshlarga yer ajratildi va takroriy ekin ekib foydalanishlari uchun sharoit yaratildi.

 Mahalla raisining ta'kidlashicha, Komilxon aka usta dehqon ekan. U kishi faqat brigada ishi bilan band bo‘lmasdan, xonadonidagi tomorqani ham yashnatib qo‘yishi bilan hurmat qozongan. Bir yilda tomorqadan kamida uch marta hosil olishga urgangan dehqon bir necha yildan buyon tomorqasining bir qismiga shafron guli ekib parvarishlaydi. Chunki, bu ekinning hosili oilaga yaxshigina daromad keltiradi. 

Ushbu ekinga qiziqish bildirganimizni anglagan Komilxon aka o‘zining shafron guli maydonida tushgan suratini taqdim etdi va kelgusi mavsumda ushbu qimmatli ekinni ekish va parvarishlash tajribasi bilan albatta o‘rtoqlashishni va'da qildi.

Ha, “Erga mehr berib mehnat qilganning qozoni ham, cho‘michi ham moy bo‘ladi”- deganlari shu aslida.Er o‘z egasini topsagina, mo‘may daromad keltiradi. 


“Otamiz usta dehqon edilar”-deydi aka-uka Mahmudovlar


 Mahmudovlar xonadoni Safoxo‘ja MFYning eng mehnatsevar, ahil oilalaridan biri sanaladi. Aka-uka Baxtiyor va Berdiyor Mahmudovlarning ta'kidlashicha, otalari Ortiq bobo usta dehqon bo‘lgan ekanlar. Otaxon farzandlarining barchasiga tomorqadan unumli foydalanish ro‘zg‘orga to‘kinlik va baraka keltirishini amalda ko‘rsatgani bugun o‘z isbotini topayotir. Chunki, bir uyda tug‘ilib, har biri  alohida xonadonlarning sohibiga aylangan oila vakillarining barchasi tomorqaga alohida e'tibor berishini kuzda ham hatto uvatigacha turli ekinlar bilan to‘la bo‘lgan tomorqalar ko‘rsatib turibdi. 

   Baxtiyor akaning asl kasbi haydovchilik, Berdiyor Mahmudov esa o‘qituvchi. Ikkisi ham ko‘p yillik mehnatdan so‘ng nafaqaga chiqib, ayni keksalik gashtini suradigan yoshda. Ammo, biz ularni tomorqada, sh ustida uchratdik. Baxtiyor aka ayni kunlarda gul to‘kib hosilga kirgan bodring hosilini yig‘ib termoqda ekan. Berdiyor aka esa kechki sholg‘om, turp, sabzi va karamlarga jildiratib suv tarab qo‘yib, pomidordan bo‘shayotgan uvatlarni to‘qsonbosti ekinlar ekish uchun hozirlayotir. Har ikki tomorqada ham ro‘zg‘or uchun kerakli barcha mahsulotlar serob. Hamqishloqlarining ta'kidlashicha, bu xonadonlar 12 sotix tomorqadan yiliga to‘rt marta hosil olishga odatlanishgan. Oila a'zolari yilning o‘n ikki oyida ham tomorqani bo‘sh qo‘yishmaydi. Qish oxirlab qolganda plyonka ostiga ekiladigan ko‘chatlardan butun qishloq, qolaversa, bozor orqali tuman hududi aholisi bahramand bo‘ladi. Bu ish kechki pomidor va boshqa ko‘chatlar tayyor bo‘lguncha davom etadi. Ro‘zg‘or uchun kartoshqadan tortib bulg‘or qalampirigacha o‘zlaridan chiqadi. Oktyabr' oyi so‘ngida kichik issiqxonaga ekiladigan ko‘katlar esa qish bo‘yi dasturxonni bezaydi, darmondori bo‘ladi.

 - Qishloqda yashab mahsulotlarni bozordan sotib olish uyat-da,-deydi Berdiyor aka kulimsirab.- Tomorqasi bor oila kambag‘al bo‘lsa, bu dangasalikdan. Dehqonchilik faqat ro‘zg‘orni to‘kin qilmaydi, balki farzandlarni mehnatga, saxovatga o‘rgatadi. O‘z mehnatidan rohatlanishdan ortiq huzur bormi?

  Darvoqe, Safoxo‘ja mahalla fuqarolar yig‘ini Ishtixon shahriga yaqin bo‘lganligi bois ko‘chatchilik va non mahsulotlariga ixtisoslashgan mahalla sanaladi. Ammo, hududda tadbirkorlik, tomorqachilik, chorva va parrandachilikda ham ibrat olsa arziydigan kishilar ko‘p.  –Odamlarimiz juda mehnatsevar,-deya ta'kidlaydi MFY raisasi Salomat opa Tohirova.- Shuning uchun ham xonadonlarimiz fayzli, ortiqcha janjal, g‘iybat yo‘q.  Totuvlik, ishbilarmonlik va mehr-oqibat tufayli qishloqlarimiz obod bo‘lib bormoqda. 

    Ha, “Mehnatdan kelsa boylik – turmush bo‘lar chiroylik”- deb shuni aytadilar.  Hazrat Alisher Navoiy ta'biri bilan aytganda dehqonning noni doim halol, “Olam ma'murlig‘i alardin, olam ahli masrurlig‘i alardin”dir.


Muqaddam HAYITOVA.

Suratlar muallifi: Olim QO‘CHQOROV.

✅@ishtixonovozi
Мавзуга оид: