UCHINCHI RENESSANS ILM-FAN TARAQQIYOTIGA YO‘L

RENESSANS NIMA? NEGA BU SO`Z TEZ-TEZ  TILGA OLINMOQDA?

“Renessans” so`zi  fransuz tilida  “qayta tug‘ilish” degan ma’noni anglatadi. Atama sifatida uning mazmuni ancha keng: madaniyat, ilm-fan, san’at, ta’lim-tarbiya, umuman, jamiyat hayotida uzoq muddatli turg‘unlikdan keyin qayta jonlanib, tez rivojlanishni, ijtimoiy ong va qadriyatlar tizimi yangi sifat bosqichiga chiqishini bildiradi. Bu atama ilk bor  Yevropada o‘rta asrlar mutaassibligidan keyin XV-XVI asrlardagi rivojlanish davriga nisbatan qo‘llanilgan. Renessans atalmish mazkur ijtimoiy hodisa o‘zbek tiliga “Uyg‘onish davri” deb o‘girilgan.

Avstriyalik atoqli sharqshunos Adam Mesning 1909 yilda “Musulmon Renessansi” nomli fundamental asari chop etilgan. Shundan buyon Renessans faqat Yevropaga oid hodisa emasligi, uni Sharq xalqlari yevropaliklarga nisbatan avvalroq boshdan kechirgani to‘g‘risidagi qarashlar va tadqiqotlar paydo bo‘la boshladi. Rossiyalik buyuk sharqshunos akademik N.N.Konrad Renessans VII -VIII asrlarda Xitoyda boshlanib, VIII asrda Hindistonda davom etgani, undan IX-XII asrlarda islom mamlakatlari estafetani qabul qilgani, mo‘g‘ul istilosi tufayli ancha pasayib qolgan yuksalish Amir Temur va temuriylar davrida yana qayta gurkurab o‘sganini ta’kidlaydi. U O‘rta Sharq Uyg‘onish davrini Alisher Navoiy zamonasigacha cho‘zadi. Javoharlal Neru Boburni ham Renessansning tipik vakili, deb baholagan edi.

XV asrdan Renessans Yevropaga siljidi. Bu paytga kelib Yevropa 300-350 yil davomida islom olimlari, jumladan, bizning buyuk ajdodlarimiz asarlarini, ayniqsa, Xorazmiy, Farg‘oniy va Ibn Sino asarlarini lotinchaga o‘girib, chuqur o‘zlashtirib olgan edi. Yevropa uyg‘onishiga juda kuchli ta’sir ko‘rsatganlardan biri Ibn Rushddir. Yevropa falsafasi va ilmiy tafakkurida XVI asr o‘rtalarigacha averroizm (Ibn Rushd ta’limotiga asoslangan oqim) mavqeyini saqlab turdi.

Afsuski, XVI asrning 30-40-yillarida bizda an’anaviy jamiyat uzil-kesil qaror topdi. Ilmiy, badiiy izlanishlarga ijtimoiy ehtiyoj pasayib ketdi. O‘tmish yutuqlari oldida qulluq qilish, ularni ideallashtirish va faqat takrorlashga urinish, yangiliklarga salbiy munosabat shakllandi. Asta-sekin chuqur turg‘unlik va inqiroz boshlandi. Ular noxush ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, diniy-mafkuraviy, regional nizolar va ayirmachilik kabi sabablar bilan qo‘shilib qoloq bo‘lib qolishimizga, XIX asr ikkinchi yarmida milliy mustaqilligimizni yo‘qotishga olib keldi. O‘tmishdan birinchi bo‘lib teran tarixiy xulosa chiqargan-jadid bobolarimiz edi. Ular taklif qilgan islohotlar millatni qayta uyg‘otish, taraqqiyot tomon burishni ko‘zladi. Ammo, mustabid hokimiyat jadidlar harakatini avj olmasdan bo‘g‘ib qo‘ydi.

Mustaqillikka erishgandan keyin dastlab chorak asr davomida milliy tiklanish bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi. Endilikda milliy tiklanishdan milliy yuksalishga o‘tganimizdan keyin, uchinchi Renessansga erishishni davlat rahbari strategik vazifa etib qo‘ydi. Tarixan olganda, biz ikki Renessansni boshdan kechirdik: birinchisi IX - XII asrlar, ikkinchisi XIV asr oxirgi choragi - XVI asr birinchi choragi. Birinchi Renessansda yurtimizdan Farg‘oniy, Xorazmiy, Farobiy, Beruniy, Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Mahmud Zamaxshariy kabi buyuk daholar, buyuk     muhad-dislar - Buxoriy, Termiziy, mutakallimlar — Moturidiy va Abul Muin Nasafiy hamda boshqa atoqli dunyoviy va diniy allomalar shuuri olamni yoritdi.

Ikkinchi Renessansda — Ulug‘bek, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Behzod, kabi buyuk me’morlar, bastakorlar, musavvirlar, tarixchilar chiqib, bugun ham dunyoni lol qoldirayotgan asarlar yaratdilar.

Har ikki Renessans davrida biz dunyoning ilg‘or, mutaraqqiy xalqlari qatorida edik. Agar yana shunday darajaga erishmoqchi bo‘lsak, Uchinchi Renessansni amalga oshirmog‘imiz zarur. Tarix saboqlarini unutishga haqqimiz yo‘q.

Uchinchi Renessans g‘oyasi milliy ruhiyatimizga, xalqimiz armon-orzusiga yaqin. Zotan, xalq ilgari oqqan daryosi yana oqishini astoydil istaydi.

Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida Uchinchi Renessans va Yangi O‘zbekiston konsepsiyalari nimani anglatishi haqida so‘zlab berdi.

«Darvoqe, “yangi“ degan so‘zning biz uchun alohida ahamiyati bor. Masalan, eng ko‘hna bayramlarimizdan biri Navro‘z — Yangi kun deb atalishini esga olaylik. Ushbu qadimiy bayram bilan bog‘liq qadriyat va an’analar hayotimizga shu qadar singib ketganki, xalqimiz asrlar davomida, buyuk shoir va mutafakkir Alishyer Navoiy aytganlaridek,“Har tuning qadr o‘lubon, har kuning bo‘lsin Navro‘z!“ degan ezgu tilaklar, pok niyatlar bilan yashab keladi”— dedi davlat rahbari.

-O‘tgan asrning boshlarida yurtparvar, millatparvar bobolarimiz — jadidchilik, ya’ni, yangilanish va erkinlik, adolat va tenglik, ilm-ma’rifat va milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini bayroq qilib, kurash maydoniga mardona chiqqanlarini barchamiz yaxshi bilamiz - deya davom etdi Prezident. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim Uyg‘onish jarayoni kechmoqda. Shuning uchun “Yangi O‘zbekiston“ va “Uchinchi Renessans“ so‘zlari hayotimizda o‘zaro uyg‘un va hamohang bo‘lib yangramoqda, xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirmoqda.

Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotiy va ta’sirchan milliy g‘oyaga aylantirishni nimadan boshlamoq kerak?

Renessans degan bilan u sodir bo‘lib qolmaydi. Buning uchun har tomonlama puxta o‘ylangan siyosat olib borilishi, xalqda ruhiy ko‘tarilish, qat’iy irodali intilish yuz bermog‘i zarur.

Avvalo, tushuncha mazmunini aniq ochib berish, aholining barcha qatlamlari, avvalo, yoshlar ongiga yetkazish kerak. O‘tmish renessanslari     davrida ajdodlarimiz  nimalarga erishganini, jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini, boshqa xalqlar, mintaqalar yutuqlari bilan taqqoslab, jahonning yetakchi madaniyatlaridan, ilm-fani, san’ati va adabiyotlaridan birini, ilg‘or ijtimoiy fikru qarashlarini yaratganini qisqa, lo‘nda, dabdabali jumlalarsiz yoritish zarur.

Biz ko‘proq avvalgi uyg‘onish davrlarimizning yutuqlarini faxr bilan e’tirof etib, negadir ularning inqirozi sabablari haqida gapirishni unchalik xushlamaymiz. 

Tarixdan saboq olish, tegishli xulosa chiqarish uchun bularning barchasi yoshlar, aholi ongiga yetkazilishi kerak. Bu barchamizning zim-mamizdagi mas`uliyatdir. 


Matluba RABBIMOVA,

tayyorladi.

✅@ishtixonovozi