MA'RIFAT NUR KABIDIR

1-oktabrning “ O‘qituvchi va murabbiylar kuni”  va uumumxalq bayrami,  ya'ni dam olish kuni deb hisoblanishi 1996 yil 27-dekabrda qabul qilingan qonunida belgilab qo‘yilgan.  Ushbu qonun xalqimiz tomonidan juda katta mamnuniyat va quvonch bilan kutib olindi. Chunki, millatimiz azal-azaldan ma'rifat sari intilgan, ustozga nisbatan hurmati cheksiz bo‘lgan. Shuni alohida ta'kidlash o‘rinliki, bu qonun nafaqat bugun ta'lim maskanlarida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilar va soha xodimlarinigina emas, balki ilm-ma'rifatga oshno bo‘lgan barcha yuritdoshlarimizni birdek quvontirdi. Chunki, millatimizning ilm-fanga intilishi, ma'rifatli insonlarga hurmati beqiyos ekaniga tariximiz ham shohidlik beradi.


Agar e'tibor bersangiz, o‘tmishda yashab o‘tgan bobolarimizning birortasi ta'lim-tarbiya sohasini e'tiborsiz qoldirmagan. Aksincha, doimo ma'rifatni anglash ta'lim va tarbiyadan boshlanishini e'tirof etishgan. Bunga tarix sahifalaridan ko‘plab misollar keltirish mumkin.


 Birgina yaqin tarixda yashab o‘tgan jadidchilar faoliyatiga nazar tashlaganda ham ularning maktabni eng ulug‘ dargoh deb bilganiga shohid bo‘lamiz. Ana shunday insonlardan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy Samarqandda birinchi bo‘lib 1904 yilda   usuli jadid maktabini tashkil etgan va shu maktab uchun “Muntaxabi jug‘rofiya umumiy” (“Qisqacha umumiy geografiya”), “Kitobul-atvol” (“Bolalar uchun kitob”), “Muxtasari tarixi islom” (“Islomning qisqacha tarixi”), “Amaliyoti islom”  kabi darsliklar hamdja maktab ta'lim-tarbiyasi haqida  maqolalar yozdi. O‘zining Samarqanddagi xususiy nashriyotida darsliklar chop etdi.  


 Siyosat va ma'rifat arbobi Munavvarqori Abdurashidxonov ham o‘z davrining mohir pedagoglaridan biri edi.  Bu inson ham maktablar ochish, odamlarni ma'rifatli qilish yo‘lida ko‘p xizmatlar qilgan. Maktablar uchun  tovush usulida yozilgan “Adibi avval” (“Birinchi adib”, 1907 yil), “Alifbe” kitobi, “Adibi soniy” (“Ikkinchi adib” 1907 yil) kabi o‘qish kitoblari nashr etilgan. Uning 1908 yilda tayyorlangan “Sabzavor” (to‘plam), “Er yuzi”, “Tajvid” kitoblari yangi usuldagi maktablarda darslik sifatida qo‘llanilgan.


 Abdulla Avloniy esa maktab ta'limini hayot-mamot masalasi deb baholagan.  Ilm inson uchun g‘oyat oliy va muqaddas bir fazilat ekanini ta'kidlab,”Ilm bizga  o‘z ahvolimizni, harakatimizni oyna kabi ko‘rsatur. Zehnimizni  fikrimizni qilich kabi o‘tkir qilur. Savobni gunohdan, halolni haromdjan, tozani murdordan ayirib berur, to‘g‘ri yo‘lga rahnamolik qilib, dunyo va oxiratda mas'ud (baxtli, saodatli) bo‘lishimizga sabab bo‘lur” deydi. 


 Xalqimiz ustoz-murabbiylarni ma'rifatli insonlar deb e'zozlaydi. Zero, ma'rifat insonni nurli kelajak sari yetaklaydi. Shu boisdan ham o‘qituvchilar – kelajakni bunyod etuvchilardir. Bugun biz ta'lim sohasi xodimlariga   ko‘rsatilayotgan sari yetaklaydi. Shu boisdan ham o‘qituvchilar – kelajakni bunyod etuvchilardir. Bugun biz ta'lim sohasi xodimlariga  ko‘rsatilayotgan e'tibor ana shu mas'uliyatni yanada oshiradi. Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimizni, ustoz murabbiylarni kasb bayramlari bilan qutlayman.



Bunyod RO‘ZIEV,

60-umumiy o‘rta ta'lim maktabi

tarix va huquq fani o‘qituvchisi.


@ishtixonovozi
Мавзуга оид: