MEHNATINGIZNI QADRLAYMIZ

Xalqimiz har yili Mustaqillik  bayramidan so‘ng  bilimlar kuni va o‘qituvchi va murabbiylar kunini nishonlaydilar. Mening nazarimda bu ketma-ketlik xuddi istiqlolimiz  shodliklarining istiqbol  ishonchi va umidlariga ulanib borayotgandek tuyuladi. Darhaqiqat, o‘z erkini qo‘lga kiritgan, ertangi kuni sari katta ishonch bilan dadil qadamlar bilan intilayotgan yurtdoshlarimizning kelajakda amalga oshirilajak orzulari mo‘l. Bu orzularni bugun ta'lim maskanlarida tahsil olayotgan yosh avlod ro‘yobga chiqaradi. Ularning ana shu yuksak ishonchi oqlaydigan, chin vatanparvar insonlar bo‘lib ulg‘ayishi esa  ustoz va murabbiylarimizning mehnati, yoshlar qalbiga jo etayotgan ezgu niyatlariga bog‘liq.


Bugun yurtimizda ta'lim sohasiga ko‘rsatilayotgan e'tibor, bu borada qabul qilinayotgan qonun va qarorlarning asl mazmuni ham ana shu maqsadlarni ko‘zda tutadi. Keyingi yillarda jamiyatimizda bir oltin qoidaga amal qilinmoqda, ya'ni yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar qilib voyaga yetkazish davlat e'tiborida. O‘qituvchi va murabbiylar mehnatini qadrlash, ularni munosib shart-sharoitlar bilan ta'minlash, maktab ta'limining zamonaviy va samarali yo‘lga solish borasida barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. 


Darhaqiqat Ustoz deganda har qaysi inson ko‘nglida chuqur hurmat-ehtirom va cheksiz minnatdorchilik tuyg‘ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o‘lchab, ado qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi paydo bo‘ladi.  Yurtimizda O‘qituvchi va murabbiylar kunining umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi o‘zining  bilim va tajribasi, iste'dod va mahorati, insoniy fazilatlari, ko‘z nuri va qalb qo‘rini   ayamasdan, ma'rifat yo‘lida beminnat xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning  azaliy hurmat- ehtiromining yaqqol namunasidir.


Mehridaryo Ustozlar! Siz bergan ta'lim va tarbiya tufayli bugun xalq vakili bo‘lib xizmat qilyapmiz, qolaversa muhtaram Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga" ko‘krak nishoni bilan takdirlanishlarimiz zamirida ham siz bergan bilim, ta'lim  va tarbiyaning alohida o‘rni bor. Buning uchun har qancha minnatdorchilik bildirsak oz. Mashaqqatli va sharafli mehnatingizni hamisha qadrlaymiz. Doimo xalqimiz ardog‘ida bo‘ling, aziz ustozlar!


Faxriddin ABDURAZZOQOV,

Xalq deputatlari Ishtixon tuman Kengashi deputati.


✅@ishtixonovozi
Мавзуга оид: