TUPROQDA OLTIN UNDIRAYOTGANLAR YOXUD "SHIJOATLI YOSHLAR" SHIRKATIDAN BIR LAVHA

Aholi bandligini ta'minlash, odamlarning bugungi hayotdan rozi bo'lib yashashiga erishish- eng dolzarb masalalardan biri. Shu maqsadda qishloqda yashovchi kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va ishsiz yoshlarga dehqonchilik uchun yer ajratildi.

Bu xayrli ish bevosita MFY faollari bilan hamkorlikda amalga oshirilgani esa masalaga adolatli yondoshish, bevosita oilalarga kirib borish va ularni qo'llab-quvvatlashga imkon yaratdi.

Bog'bon MFYda ham ushbu tadbir uyushqoqlik bilan tashkil etildi va eng muhimi, qisqa vaqtda o'z samarasini ko'rsatdi. Biz MFYda tuzilgan "Shijoatli yoshlar shirkati" faoliyati bilan yaqindan tanishganimizda bunga yana bir bor ishonch hosil qildik.

Shirkatga 2 gektar yer ajratilgan bo'lib, 19 ta kam ta'minlangan oilaga 10 sotixdan bo'lib berildi. Ra'no Xudoyorova, Farog'at Mustafoqulova, Feruz Saimov, Dilbar Shernazarova kabi mehnatsevar insonlar ushbu maydonlarga turli sabzavot mahsulotlari va dukkakli ekinlar ekib, yaxshigina daromadga ega bo'lishmoqda. Ular o`zlariga ko`rsatilgan e`tibor va g`amxo`rlikdan minnatdor.

-Oilamga ajratilgan yerda ikki yildan buyon dehqonchilik qilamiz,- deydi biz bilan suhbatda Dilbar opa Shernazarova.- Loviya, mosh, kunjut, bodring, pomidor, turp, sholg'om, makkajo'xori, hatto yeryong'oq ham ekib par-varishlayapmiz. Agar imkonini topsangiz, bir yilda uch martagacha hosil olishga erishish mumkin. Halol mehnatimizning ortidan das-turxonimiz to'kin, oilamiz uchun yetarli daromadga ham ega bo'lyapmiz. Endi farzandlarimizni yaxshi kiyintirish, ehtiyojlarini ta'minlashga imkonimiz bor. 

Ha, Bog'bon MFY hududidagi yerlar dehqonchilik uchun juda qulay. Tabiati so'lim, suvi mo'l. Kuz nafasi ufurib turgan shu kunlarda ham oilalarga qo'shimcha tomorqa sifatida ajratilgan yerlarni kuzatsangiz, ko'zingiz quvonadi. Kechki ekinlar ayni hosilga kirayotgani ko'rinib turibdi. Mehnatsevar odamlar ekin maydonining uvatidan ham unumli foydalanishni bilishadi. Ayniqsa, oila bekalari o'z mehnatlari samarasidan quvonishayotir. Ular:

-Bizga o'n sotix emas, bir gektar yer berilsa ham bemalol uddalaymiz!-deyishadi hazil aralash. Aslida ham bu gapda jon bor. "Dangasaga uvat ham ortiqchalik qiladi, mehnatkash odam esa tuproqda oltin undiradi"- deganlari shu-da!


Doston HASANOV.

@ishtixonovozi