TENG-TENGI BILAN(MI?)

Mutasaddi tashkilotlarga har kuni ko'plab odamlar, turli masalalarda tashrif buyurishadi. Keyingi yillarda ayniqsa, turli oilaviy kelishmovchiliklar, ajrimlar bo'yicha murojaatlarni hal etishda juda chuqur o'ylab, har tomonlama fikrlab ish tutishga to'g'ri kelayotir. To'g'ri, ba'zi muammolar borki, murojaatchi haq, uni eshitish va yordam ko'rsatish kerak. Ammo, ayrim murojaatlarni tinglaganda xayolingdan odamlar negadir juda noshukur bo'lib ketmayaptimikan, degan fikrlar ham kechadi.

Bu galgi suhbatdoshimning so'zlari esa meni o'ylashga majbur etdi. O'ylaganim sari uning naqadar haq ekaniga ishonch hosil qildim.

Jajjigina qizalog'ini bag'riga bosgan, juda yosh va go'zal juvon xonaga ohistagina kirib kelar ekan, atrofga hurkak nigohlar bilan nazar tashladi. Xonada hech kim qolmaguncha sabr bilan kutib o'tirdi va so'ng gap boshladi:

-Men...yordam so'rab kelmadim, opa. Shunchaki, kimgadir, meni tushunadi- gan bir ayolga ko'nglimni yorgim keldi...

Uni tinglay boshladim, voqealar ko'z oldimda gavdalanib, iztiroblari ko'nglimga ko'chdi.

-Bir necha yillik muvaffaqiyatsizlikdan so'ng nihoyat oliygohga sirtdan o'qishga kirdim. O'zimdan so'ng ketma-ket tug'ilgan ikki singlim ham bo'y yetib qolgani bois ota-onam tanlagan yigit bilan uchrashuvga chiqishga rozi bo'ldim. U tashqi ko'rinishidan ancha ko'rkam, muloyimgina jilmayib turadigan yigit ekan. Qisqagina suhbatimiz davomida faqat o'zining mashina ta'mirlovchi usta ekanini aytdi. Men ham ortiqcha biror gap gapirmadim. To'yimiz qisqa vaqt ichida, shoshilinch tarzda o'tdi. Chunki, qaynotam og'ir xasta, kenja o'g'lining to'yini ko'rishni intiqlik bilan kutayotgan ekan.

Yangi oilada sharoitga ko'nikishim unchalik qiyin kechmadi. Chunki, turmush o'rtog'imning ikki akasi bo'lib, katta ovsinim allaqachon alohida uyga chiqqan, ikkinchisi uchun ham imorat qurish ishlari  boshlab yuborilgan edi. Uy ishlarini mehr bilan bajara boshladim. Qaynotamga kunduzi qaynonam qarar, tunda aka-ukalar navbati bilan ko'maklashishardi. Oradan uch oy o'tar-o'tmas qaynotam olamdan o'tdi. Ma'rakalarida xizmatda bo'ldim. Keldi-ketdilar tugab, qaynonam o'zining avvalgi tijorat ishlarini davom ettira boshladi. Ikkinchi ovsinim ham yangi uyga ko'chish tadorigida bo'lgani bois vaqti ko'proq o'sha hovlida o'tar, hovlida yolg'iz o'zim qolardim. 

Farzand kutayotganim uchun xayolim shirin orzular bilan band ediyu, lekin negadir ko'nglimda qandaydir begonasirash sira yo'qolmasdi. Eng yomoni, men oilada boshqalardan emas, aynan turmush o'rtog'imdan juda begonasirardim. Vaqt o'tgani sayin  ikkimiz ikki dunyo odamlari ekanimizni his eta boshladim. Shuning uchun bo'lsa kerak, oddiy masalalarda ham ikkimiz ikki xil fikrda bo'lamiz, u esa mening fikrlarim bilan mutlaqo hisoblashmaydi. Ishonasizmi, rostini aytsam, ertalab ishga ketganidan ba'zan yarim tunda, ko'pincha shirakayf, hatto mast holatda qaytadigan erimni kutmayman, hatto uning o'sha yoqlarda yurgani menga qulayroqdek. Farzandimiz tug'ilsa, vaziyat yaxshi tomonga o'zgarar degan fikrda edim. Ammo, mana qizim yetti oylik bo'ldi hamki ahvol o'sha-o'sha. Ikkinchi akamiz ham yangi uyga ko'chib ketgach uyda men bilan so'zlashadigan, fikrlashadigan odam qolmadi. Qaynonam bozordan charchab keladi, bo'sh vaqtlari gap-gashtak, to'y-hashamlardan ortmaydi. 

Sirtdan qaraganda, men juda baxtliman. Uy-joyim, oilam, farzandim bor, sirtdan bo'lsa-da o'qiyapman. Ammo, hayotimda mazmun yo'q. Ba'zan hozir qaynonam borlar, vaqt o'tib bu inson bilan mustaqil oila tebratishim qanday kechar ekan, deb o'ylasam vahimaga tushaman. To'g'ri, oliygohni bitirgach ishga kiraman, jamoaga aralashaman, deya o'zimni o'zim ovutib yashayapman. Ammo, bundan ham xavotirdaman. Chunki, erim o'ta rashkchi. Mening ostona hatlab tashqariga chiqishimni istamaydi. Ikki-uch marta farzandim ozgina ulg'aygach biror joyga ishga kiritishlari haqida gap ochganimda, shu qadar g'alati gaplar aytdiki, uning fikr doirasi qay holatda ekanini ko'rib xo'rligim keldi.  

Ochig'ini aytsam, o'rtamizdagi jarlik kun sayin chuqurlashib bormoqda.  Ko'nglimdagilarni onamga aytdim. Onam esa:

-Bolam, bir odamni yomonga chiqarish juda oson. Hozir uyga qaytib kelsang, odamlar nima deydi. O'rtada bolang bor, buning ustiga keng uyning kelinchagi bo'lsang. Ko'pam noshukur bo'lmagin,- dedilar. O'ylab qaraganda, aslida ham shunday. Ammo, u meni, men uni tushunmasak oxiri nima bo'ladi? Kelin bo'lib kelin, turmush o'rtog'i bo'lib erim bilan hammaslak bo'lolmasam, qanday yashayman? Axir bu uy, oila meniki, hayot yo'llarimda u menga suyanch bo'ladi degan umid bilan turmush qurgan edim. Ikki begona bir manzil sari intilishi oson emas ekan...

Ayolning gaplarini tinglar ekanman, uning holatini his qilib turardim.Shunda hayotning naqadar murak- kab tugunlari borligiga amin bo'ldim. Uni izga solish esa mushkul...


Sadoqat TOIROVA,

Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash bo’limining xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan ishlash bo`yicha bosh mutaxassisi.

@ishtixonovozi