FARZANDINGIZ O`QUVCHI BO`LISHGA TAYYORMI?


Bola  bilim  olishga  intilish,  Vatanni  sevish,  ardoqlash,  kattalarni  hurmat  qilish  hamda  muomala  madaniyatini  ota-onadan  o’rganadi.   Yosh  avlodga  ma’naviy, axloqiy  madaniy   tarbiya  berishning   usul  va  vositalari  xilma-xil  bo’lib,  bular  ichida  bola  nutqi  va  muomalasi  alohida  o’rin  tutadi.   Farzand ota-onaning  baxti-boyligi.   O’z  navbatida  u  ota-onasini  sevishi va astoydil  hurmat  qilishi  oilaning  ko’rki  sanaladi. Har  bir oila  umumjamiyat talablari  asosida shakllanadi.  Jamiyat    taraqqiyotining rivoji esa  unda  mavjud  bo’lgan  oilalarning   ijtimoiy-iqtisodiy  va  ma’naviy  qiyofasining shakllanish  darajasiga bevosita  bog’liq.


Oilaviy  munosabatlar   farzandlarning  aqliy,  ruhiy    kamolotini  ta’minlabgina  qolmay,  ota-onalarda   o’ziga  xos  faollikni    ham  yuzaga   keltiradi. Oilada  qaror  topgan   sog’lom ma’naviy-ruhiy muhit  farzandlarning  yetuk,  barkamol    bo’lib  voyaga   yetishlarida muhim  ahamiyatga  ega.  Oiladagi  suhbatlarning  alohida  ahamiyati  bor.  Odob-axloq  mavzusidagi  muloqotlar  farzandlarning  til  vositalarini   mustaqil  tarzda  qo’llashga  erishish    zarurligini   ko’rsatadi.  Bunday  oilaviy  suhbatlar   bolaning   kundalik  faoliyati  hamda  sayr-u sayohatlarida   samarali  natija  berishi  shubhasiz.


Hozirgi  zamon  talablariga  muvofiq  oilada  bolalar  ona  tilini   adabiy  talaffuz   me’yorlariga  binoan  barcha    tovush hamda   harflarni  aniq  va  tiniq  talaffuz  etib,  so’z  boyligini  rivojlantirmog’i  lozim.  
Bola  shaxsini  shakllantirish,  nutqini  rivojlantirish  borasida ba`zan  kamchiliklarga ham  yo’l  qo’yiladi.  Bunga ko’pincha ota-onaning  beparvoligi,  so’zlashganda  nutq   madaniyatiga  ahamiyat   bermasligi  bola   nutqining   buzilishiga  olib  keladi.  Tarbiya  qancha  erta  boshlansa, hosili  ham  shuncha    barvaqt  ko’zga  tashlanadi. Shuning  uchun  ota-onalar, ta’lim  tashkilotlari   tarbiyachilari  hamda   pedagoglarning   vazifasi  yosh  avlodni  aqlan  yetuk,  jismonan  sog’lom,  axloqan  pok,   barkamol  inson  qilib  tarbiyalashdan   iboratdir.  Shuni  ta’kidlash  joizki,  oila  va  ta’lim  tashkilotining   mustahkam aloqasi  bolani  nafaqat  jismoniy    va  aqliy  jihatdan   rivojlantiradi, balki  uning  ma’naviy  shakllanishiga  ham  ijobiy  ta’sir  ko’rsatadi.


Maktabgacha  ta’lim  tashkilotlarida  ota-onalar  uchun  vaqti-vaqti  bilan  trening, munozara,  test,  so’rovnomalar  o’tkazilishi,  ayniqsa,  6-7 yoshli   bolalarni  maktabga   tayyorgarligini  aniqlashda  ota-onalar  ishtirokida   olib   boriladigan   mashg’ulotlar muhim ahamiyatga egadir. Bu avvalo, ota-onaning   farzandi nimaga  qodir  ekani haqida aniq tushunchaga ega bo’lishiga yordam beradi. Qolaversa,   bolalarni  maktabga  tayyorlash borasidagi  mas’uliyatini  oshiradi.   

Sarvinoz 
ABDURAZZAQOVA, 
3-DMTT uslubchisi.
✅@ishtixonovozi