QISHLOQ AYOLINING HAQIQATLARI

" Inson jismida juda katta kuch yashiringan. Agar u aql-idrok bilan sarf etilsa, nihoyatda buyuk ishlar qilishga qodir. Bu iroda kuchidir!"-degan ekan ma'rifatli insonlardan biri.

Darhaqiqat, odamzod hayotning barcha mashaq-qatlarini sabot bilan yengadi. Xalq tilidan tushmay keladigan "Ayolning joni qirqta" degan hazil aralash ibora ham bekorga aytilmagan. Olloh ayolning nozikkina jismiga shu qadar katta kuch-qudrat baxsh etganki, ba'zan hayratingiz oshadi, ko'zlaringizga ishongingiz kelmaydi. 

Ha, siz-u biz bilan yonma-yon yashayotgan zamondoshlarimiz orasida ham irodali, bor kuch va qudratini oilasi, farzandlariga baxsh etib kelayotgan insonlar ko'p. Ularning hayotiga nazar tashlaganda beixtiyor qalbingizda havas uyg'onadi. Yaqinda men Zarbuloq MFYning Arabxona qishlog'ida ana shunday ayolni uchratdim.

Sayyora Abdurasulova asli Pastdarg'om tumanining Bo'ronovul qishlog'ida tug'ilgan. Oila iqtisodiy jihatdan to'kis bo'lgani sababmi, u ancha erka, shijoatli va cho'rtkesar qiz bo'lib o'sdi. Taqdirni qarangki, tomorqa-dehqonchilik, chorva boqish ishlariga deyarli aralashmagan qiz Ishtixonning chorvador oilasiga kelin bo'lib tushdi. Qizining tabiatini yaxshi bilgani uchun bo'lsa kerak, otasi o'zga xonadonga kuzatar chog'ida unga "Ona qizim, mehnatdan qochma, mening yuzimni yerga qaratmagin!"-deya nasihat qildi.

Serfarzand, izzat-e'tiborli oilada to'ng'ich kelinga ham xizmatlar bisyor edi, albatta. Lekin bu yumushlar orasida eng qiyini - chorva mollariga qarash, sigir sog'ish bo'ldi. Dastlabki kunlari bir oz cho'chidi. Qaynonasi sigir soqqanida ko'pirib-toshgan sut paqirga sig'mayotganini ko'rib havasi kelardi. Lekin uning ishi hadeganda yurishaver- madi. Ba'zan qaynonasi soqqan sutning yarmini ham sog'a olmay uyalgan chog'lari ham bo'ldi. Ana shunda tabiatidagi o'jarlik junbushga keldi, bu ishni uddalama- guncha qo'ymadi.

Shunday qilib, to'rt ovsinning to'ng'ichi bo'lgan Sayyora kelin qishloqning eng serg'ayrat ayollaridan biriga aylandi. Qo'ni-qo'shnilar uning ochiq- ko'ngil,   mehnatsevar va kamdan-kam ayollarda kuzatiladigan mardligi tufayli yoqtirib qolishdi. Ayni paytda u to'rt farzandning onasi, biri-biridan shirin nabiralarning buvijonisiga aylangan. Qiz uzatib, kelin tushirgan bo'lishiga qaramay hamon chaqqon, mehnatga mehr qo'ygan. Quvonganida ham, turmush tashvishla-ridan toliqqani, ba'zan kutilmaganda keladigan alamlarni ham mehnat bilan yengishga o'rgangan. Shuning uchun ham ro'zg'ori to'kis, dasturxoni to'kin. Gullarni yaxshi ko'radi, hovlisi, ko'cha bo'ylariga turfa gullar ekib parvarishlaydi. Xonadoniga tashrif buyurgan kishilar uy bekasining qo'li bilan yaratilgan bu go'zalliklarni ko'rib, unga tahsinlar aytishadi.

E'tiborli jihati shundaki, keyingi yillarda, ya`ni ba'zi odamlar qishloqda yashab ham sut-qatiqni do'kondan sotib olishni ma'qul ko'rayotgan bir paytda bu xonadonda har yili kamida 20-30 bosh mol parvarish qilinadi. Bu esa aytishgagina oson, chorvaning yem-xashagi, mehnatining o'zi bo'lmaydi. Sayyoraxon mana shu mas'uliyatni turmush o'rtog'i Murtazo Abdurasulov bilan yelkama - yelka turib bajarishga harakat qiladi. Yillar o'tishi bilan farzandlari ham yonlariga kirishdi. Ayni paytda oilada 6 bosh sog'in sigir parvarish qilinmoqda. Sutni qayta ishlash korxonasiga kuniga 60-70 litr sut topshirishadi. Sigirlarni sog'ishni Sayyoraxonning o'zi uddalaydi. 

-Shuncha sutni sog'ib olishga qiynalmaysizmi?-so'raymiz undan.

-O'rganib ketganman, opa,-deydi samimiylik bilan ayol. - Olti bosh sigirni bir soatga qolmay sog'ib olaman. Bilsangiz, buning ham o'z gashti bor! Dastlab ishni bir bosh ona sigir boqishdan boshlaganmiz. Mana shu mehnatning ortidan uy-joy qildik, qiz uzatib, kelin tushirdik. Mehnati qiyin bo'lsa-da, o'ziga yarasha daromadi yaxshi. Qishloq joyda o'zimizni o'zimiz band qilishning imkoni bo'lgach, foydalanish kerak-da! 

- Faqat tomorqaning o'zi bilan shuncha chorva moliga yem-xashak yetkazishning iloji yo'q. Buni qanday uddalaysizlar?

-Yem-yemishni asosan sotib olamiz. Har yili go'sht uchun bir nechta novvos boqamiz. Shuning hisobidan ozuqani jamg'arib qo'yamiz. Suti, ko'payayotgan naslining bir qismi foydaga qoladi. Eng muhimi, bekorchi emasmiz, vaqtdan unumli foydalanishga harakat qilamiz. Erta turamiz, kunimiz harakatda o'tadi, ortiqcha g'aybat-illatlardan yiroqmiz. Farzandlarim ham mehnatga o'rganishgan. Topganimizni to`y, yaxshi tashvishlarga bemalol sarflaymiz.

Bu bir oddiy qishloq ayolining o'zi kashf etgan haqiqatlaridir. Zero, mehnatning daromad va to'kinlikdan tashqari mana shunday koni foyda bo'ladigan jihatlari ham bor. O'z oldiga aniq maqsad qo'yib, halol mehnat qilgan insonning nafaqat jismi, balki ruhiyati, ma'naviyati ham sog'lom bo'ladi.


M.MAMANAZAROVA.

@ishtixonovozi