TARIXNI BILGAN ISTIQLOLNI QADRLAYDI

Yurtimizda istiqlol ayyomi shukuhi kezmoqda. Ta'lim muassasalarida o'tkazilayotgan davra suhbatlari, uchrashuvlarda  o'tgan davr mobaynida mamlakatimizda amalga oshirilgan o'zgarishlarga munosib baho berilmoqda. Kelgusida amalga oshirilajak taraqqiyot rejalari qalblarimizda ertangi kunga ishonch, yangi orzular bag'ishlamoqda.

Binobarin, mustaqillik har bir yurtdoshimiz hayotiga yangicha mazmun, turmushiga farovonlik olib kirdi. Istiqlol degan ulug' ne'mat, avvalo, xalqimizga erkinlik va ozod hayotni, barchamizga o'zligimizni anglash tuyg'usini berdi. 

Barcha sohalarda bo'lgani kabi ta'limda, jumladan, ijtimoiy fanlarni o'qitishda ham yangiliklar bo'ldi. Variativ o'quv rejasi bo'yicha 7-11-sinflar uchun taqvim reja ishlab chiqildi. "Tarbiya fanini o'qitish texnologiyasi" o'qituvchilari uchun metodik qo'llanma ishlab chiqildi.     10,11-sinflar uchun tarbiya fani darsliklari yaratildi. Tarix va huquq fanlari milliy o'quv dasturi loyihasi ishlab chiqildi.

Bundan maqsad o'quvchilar egallagan bilimlarini amaliyotda qo'llash va zamonaviy jamiyatda o'z o'rnini topa oladigan shaxs qilib tarbiyalashdan iboratdir.

Axborot texnologiyalari rivojlangan bir davrda o'quvchilarda kitobga bo'lgan qiziqishni rivojlantirish va tarixiy voqealar yuzasidan aniq tasavvur uyg'otishda "Bibliotarix" metodidan foydalanish yuqori samara beradi.Tarix darslarida deyarli har bir mavzuni o'qitishda o'quvchilarda mustaqil fikr, o'ziga xos sog'lom dunyoqarash hosil qila olishi muhimdir. Bunda har bir dars mavzusiga oid badiiy adabiyotlardan parcha iqtibos yoki syujetni misol qilib keltirish barobarida o'quvchilarga ushbu asarni albatta mutolaa qilishni tavsiya qilish ko'zlangan maqsadga erishish garovi hisoblanadi.

Yangi 2021/2022-o'quv yilida barcha ustozlarimizni astoydil va izlanuvchanlik bilan ishlashdek mas'uliyatli vazifa kutmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy fanlarni o'qitish, yurtimiz tarixi, inson huquqlari hamda komil inson tarbiyasi borasidagi dars mashg'ulotlarini tashkil etishda ilg'or pedagogik texnologiyalardan, ustozlar tajribasidan keng foydalanish lozim deb o'ylayman. 

Barcha hamkasblarimizni qutlug' ayyom bilan tabriklab, ana shu vazifani a'lo darajada o'tashlarida  kuch-quvvat tilayman.


Charos O'SAROVA,

tuman XTB 

ijtimoiy fanlar metodisti.

@ishtixonovozi