MA'RIFATNING BALAND QANOTI

1992  yil, ayni jazirama yoz chillasi. O'sha totli xotiralarimni hozir ham hayajon bilan   eslayman. Ikki yil o'qishga kirolmadim, endi uchinchi yil uchun hozirlanib, biroz cho'chib, hadik tortib   turgan kunlarim. "Bu yilgi imtihon boshqacha bo'larkan  deyishyapti, qo'rqma qizim, ko'nglim sezib turibdi, shu yil albatta o`tasan". Rahmatli padari buzrukvorim bilan hujjat topshirish uchun  Samarqandga birga yo'lga otlanarkanmiz, yo'l-yo'lakay shunday dalda bergan edi. Va karomati to'g'ri  chiqdi, birinchi bor test asosida o'tkazilgan imtihondan eng yuqori natija bilan mustaqillikdan roppa-rosa bir yil o'tib Samarqand Davlat Universiteti O'zbek filologiyasi fakulteti talabasi bo'ldim.

Bu mustaqillikning menga uzatgan ilk tansiq mevasi edi, hali. Shu tariqa, men katta hayotga Istiqlol  shodiyonalari, keng imkoniyatlari bilan bab-baravar qo'l ushlashib kirib keldim va hali-hamon uni o'zimniki, o'zimni esa uniki sifatida yonma-yon yashab, vasfini baland taronalarda kuylab kelmoq- daman. Endi bilsam, otam o'sha yillardayoq o'zi o'qituvchi bo'lgani uchunmi, bilmadim, birgina o'git  bilan mening hayotimni to'g'ri o'zanga burib yuborgan ekan. "Sen menga o'xshab o'qituvchi bo'lgin, ukang Orif esa bir yil o'tib, jurnalistikaga boradi. Men sizlarning opa-uka shoirlar ekaningizdan faxrlanaman!" Bu oltin o'gitga rioya qilganim, ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi bo'lganim uchun taqdirdan minnatdorman. Dorilfununda bizga juda katta ilm darg'alari, alloma insonlar saboq berishdi, tilning, so'zning ta`miyu totini anglatishdi. So'zning quli, oshig'i bo'lib dunyoga kelganimizni his ettirgan ham aynan o'sha ma'rifat bo'sag'asi hisoblanadi. "Talabalar so`zida Vatan", "Vatanim deb seni uyg'ondim" nomli tanlovlarda birinchi o'rinlarga munosib- lik, she'riy to'plamlarimning  chop qilinishi, Respublika ijodkorlarining "Zomin" seminaridagi muvaffaqiyatli ishtirokim va buyuk ustozlar e'tirofi, O'zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaning "Yoshlik" jurnalida she'rlarimga oq  yo'l tilab duo berishi... O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga   a'zo bo'lgandagi tam-tam hislar armug'oni...  Ayniqsa, 2018 yil 22 noyabr kuni, nihoyat, o'z uyimga ko'chib kirgan kunim... 

Olamda eng katta quvonch nima, bilasizmi? O'z uyingning kalitini yoningda olib yurish. Kim nima desa desin, men shunday   hisoblayman. 20 yillik imtiyozli kredit asosida berilgan zamonaviy uyga ko'chib kirgan kun - mening qaytadan tug'ilishim bo'lgan, bu sana yuragimga naqsh bilan o'yib  yozib qo'yilgan. Dunyoda bori mavjudod borki, boshini suqishga uyi bo'lishini istaydi, hatto qush ham tumshug'ida cho'p tashib, oshyon quradi o'ziga. Dorilomon istiqlol sharofati bilan bugun menga o'xshab vatan ichida vatanli bo'lganlarning soni-yu sanog'i yo'q.

Meva isli Vatanim bergan va berayotgan olamshumul imkoniyatlar nafaqat mening hayotimni gulga o'radi, balki mamlakatimizdagi barcha insonlar, xususan, ta'lim sohasi xodimlariga ham olam-olam quvonchlar, yengilliklar, imtiyozlar ola keldi. Shu o'rinda yana bir voqeani aytmasam bo'lmaydi.

2017-yilning sentyabr oyi o'rtalari edi chamamda, qiyg'os ochilgan paxta dalasidamiz. Terimga chiq-qanimizga endi bir hafta bo'lgan. Egilib-bukilavergandan belim qaqshab og'riydi. Oyoqlarimga og'riq tushganidan bir odim ham bosmasam, deyman. Bir kuni nimadir ro'y berdi, hali kun peshinga og'ib-og'masidan hamma allanechuk g'imirlab, alanglab, paytavasiga qurt tushib qoldi. 

-Bugun hammamiz uyimizga ketamiz! Endi maktabda yotmaymiz, borib tuguningizni tugib turinglar, kechqurun ketamiz, - dedi   allaqayerga borib kelgan direktor muovini dabdurustdan. - Prezidentimiz  o'qituvchilarni paxta terimi-dan ozod qilibdi.

Avvaliga hammaning nafasi ichiga tushib ketdi. Hech ishongimiz kelmas edi bu gapga. Bir fursat o'tib oyog'imdagi og'riq ham qo'yib yubordi, chopa-chopa vaqtinchalik yotog`imiz bo`lgan maktabga keldim. Yerga to'shalgan ko'rpa-yostiqlarimni tugunga tugarkanman, dam yig'lar, dam kular, dam ingrar edim - hayajonim bo'g'zimgacha toshib kelardi. Shu kuni hayajondan olam bir qalqib ketdi, nazarimda, yo'lida maromli ketayotgan quyosh ham ortiga bir qayrilib qarab qo'ygan bo'lsa, ajab emas. Chunki chinakamiga tarixiy voqea ro'y bergan  - hamma o'z ishini qilishi uchun fatvo berilgan edi. Biz muallim xalqi bu kushoyishli kunni hech qachon unutmaymiz,  ilmni najot deb bilgan Prezidentimizdan to so'nggi nafasgacha minnatdormiz.


Shayx Najmiddin Kubrodan "Muhabbatning qanoti balandmi, ma'rifatningmi?", deb so'rashganlarida, "Ma'rifatning qanoti ko'p baland", -  deb javob bergan ekan. Ma'rifat bulog'i esa maktabdir. Ko'rar ko'zlarning nuri ham maktab. Shu bois, maktab va  ta'lim tarbiya masalasi davlatimizning  ko'z qarog'idagi dolzarb mavzulardan biri bo'lib qoldi.  Tizimga bo'lgan e'tibor oshdi, o'qituvchilarga g'amxo'rlik kuchaydi. Atrofimizda o'qituvchi bo'laman,  deganlarning soni kun sayin ortib bormoqda. Boshqa sohada ishlayotgan- larning qo'shimcha tahsil olib, maktablarga ishga joylashayotganiga barchamiz guvohmiz. Maoshi kamligidan erkak ustozlarning deyarli ko'pchiligi tijorat sohasiga o'tib ketishgani hech kimga sir emas edi. Bugun ularning barchasi yana qadrdon maktablariga  qaytmoqda. Chunki  endi sharoitlar yaxshilandi, o'qituvchining ko'kragiga shamol tegdi, uning maoshi ham, maqomi ham yuksalmoqda.

Bugun men faoliyat ko'rsatayotgan 35 -umumiy o'rta ta'lim maktabini  tumanning   yuzi desa bo'ladi. Tashkil etilganiga 60 yil bo'lgan maktabimiz yosh jihatidan ham, o'quvchilar qamrovi jihatidan ham hududdagi eng katta ta'lim dargohlaridan biri hisoblana- di. Bu yerda o'zbek, tatar, turk, koreys, rus, arab, ozarbayjon, lo'li, qoraqalpoq kabi   9 millat vakillarining 1900 nafarga yaqin farzandlari ta'lim-tarbiya olishadi. Ikki smenada o'zbek va rus tillarida ta'lim beriluvchi maktabi- mizda ayni kunda 127 nafar pedagog xodimlar mehnat qilib kelishadi. Ular orasida 5 nafari oliy va 30 nafari birinchi toifali o'qituvchilar- dir. 2018  yili 4 nafar o'qituvchi "Eng yaxshi fan o'qituvchisi"  tanlovining  g'olibi   bo'lishdi. Ingliz tili fani o'qituvchisi Komil Murodov  bu tanlovning viloyat bosqichida qatnashib, birinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Bahorgi attestatsiya imtihonlarida  bir guruh o'qituvchilarimiz yuqori malaka toifalari sohibi bo`lishdi. Endi ular  - Nurali Qodirov va Dilorom  Tursunova  oliy   toifali, Hayotjon Temirov, Erkin   Hazirov, Xolida Rahimova , Nasiba Uzoqova, Hasan Abilov, Zopir Sunnatovlar esa birinchi toifali   o'qituvchilar safiga   qo'shilishdi. 

-Mustaqillik imkoniyatlari hamma qatori mening   hayotimni ham o'zgartirib, shodlikka to'ldirib yubordi,- deydi maktab psixologi Qandolat  G'anieva. - O`rta maxsus ma'lumotim  bilan  maktabga dastlab oddiy kotiba bo'lib ishga kirdim. Ishdan ajralmagan holda Samarqand Davlat universiteti psixologiya fakulteti sirtqi bo'limida tahsil oldim. Mana, hozir maktabimizning yetakchi psixologi bo'lib faoliyat yuritayapman. Bu baxtni, to'kislik quvonchini menga tuhfa qilgan mustaqilligimiz bo'ldi.

2021 yilda boshlang'ich sinf  o'quvchilarining o'qish savodxonligini baholash xalqaro PIRLS loyihasiga 60 ta mamlakat ichida O`zbekiston ham ilk marotaba jalb qilindi. Ushbu xalqaro tadqiqot  dunyoning turli mamlakatlarida tahsil oluvchi boshlang'ich sinf (4-sinf) o'quvchilarining matnni o'qish va tushunish savodxonligini baholaydi. Aprel oyida maktabning 4-“b”, 4-“e”- sinf o'quvchilari  mazkur loyihaning  tajriba sinovlarida  ishtirok etish uchun qur'a tashlash yo'li bilan tanlab olindi. 4-“b” sinf rahbari Solieva Gulnora opa  bu jarayonni shunday izohlaydi:

-Xalqaro miqyosdagi dastur bo'lgani uchun avvaliga qo'rqib ketganman. Bolalar va ota-onalar bilan birgalikda  uch oy tayyorlandik. Sinovda nafaqat   o'quvchilar,  ularning ota-onalari,  maktab rahbarlari, o'qituvchilar ham birdek imtihonga tortildik. So'rovnoma tarqatilib maktabda o'qitish usullari hamda uy sharoitida o'quvchilarning bilim olishi, tasavvur olami,  fikrlash qobiliyati,  bilimini amaliyotda qo'llay olish darajasi tahlil qilindi. Men ushbu dasturdan ko'p yangi bilimlar o'rgandim va keyingi faoliyatimda ulardan albatta keng foydalanaman.

Shuningdek, o`quvchilarimiz  har yilgi fan olimpiadalari, sport bellashuvlari, turli tanlovlarda faol ishtirok etib, sovrindorlar safidan munosib o`rin egallab kelishmoqda.

  Jadid bobolarimiznig ma'rifat tarqatuvchi "Oina", "Taraqqiy", "Shuhrat" kabi nashrlari bo'lgan. Ilm-ma'rifat bongi bo'lgan bu matbuot nashrlarining ilk sonlaridayoq ular shunday yozishgan edi: "Maktab dunyodagi binolar ichida eng qadrlisi va muqaddasidir". Shu o'rinda   bizning shu yil, so'ngi 4 oyda yangidan ta'mirlanib,  ko'rsa ko'z ishonmaydigan fayziyob holga keltirilgan maktabimiz binosi haqida ham aytib o'tmasak  bo'lmaydi. Avgust oyida ishga borgan ilk kunimiz edi, yap-yangi darvozadan hatlab kirarkan, azbaroyi hayrat barmog'imizni tishlab qoldik: "Shu ko'rib turganimiz,  nahotki,   o'zimizning maktabimiz bo'lsa..!" Ko'z o'ngimizda tubdan boshqacha   manzara, go'yoki ertaklardagi qasrdan kam bo'lmagan mahobatli bino qad rostlabdi. Endilikda maktabga  uchta darvoza orqali kiriladi, hovlilar orasta, tungi yoritqichlar o`rnatilgan. Eski eshik-derazalar  zamonaviy, yap-yangisiga almashtirilib, qo'shimcha sinf xonalari paydo bo'libdi. Har bitta sinf xonasi videokameralar bilan  jihozlangan. 

 -Maktabimiz ta'mirlandi deb emas, yangidan qurib berildi, deb bemalol ayta olaman, - deydi maktabimiz direktori Marat Toshtemirov. -  Kutubxona, oshxona, sport zali uchun dushxona va qo'shimcha sinfxonalar yangidan qurildi, hovli va binolar ta'mirdan chiqarildi. Ilgari elektr energiyasi  zaifligidan tarmoqda tez-tez uzilish bo'lardi. Shu bois, 3 fazali tok liniyasi uchun ishlaydigan maxsus yangi trasformator o'rnatildi. Binoning   isitish tizimi ham butkul yangilanmoqda. Bu bizning jamoamizga  Mustaqilligimizning 30 yillik bayrami arafasida benihoya ulkan armug'on bo'ldi. Eng ulug', eng aziz bayramimiz bo'lgan Istiqlol shodiyonasi, qalbimizga quvonch solgan shukuhli kunlar barchamizga muborak bo'lsin!  

Mehnat...Inson ...Vatan...Ana shu mushtaraklikda yuraklarda yurt taqdiriga mas'ullik, vatanparvarlik ulg'ayadi. Mehnatimiz, shu yurtga daxldorligimiz tufayli biz kasbimizga, kelajak taqdiriga tobora mustahkam rishtalar bilan bog'lanaveramiz. Yurishga yo'l izlaymiz, aytishga so'z... 

 Ha, maktab Navoiy bobomiz ta'biri bilan "Olam uyida kamol kasb etguvchi" qutlug' dargoh. Bu vatanda, bu  dargohda yurak bilan, vijdon bilan mehnat qilmasak, gunohdir.


Muhabbat TO`XTASHEVA,

O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi.

@ishtixonovozi