KELAJAK BILIMLI YOSHLAR QO`LIDA

Har yili eng ulug' va eng aziz ayyom - Mustaqillik bayramiga   bilimlar kuni quvonchlari qo'shilib ketadi. Bu ikki ayyomning birga nishonlanishida ham ramziy bir ma'no bordek nazarimda. Zero, istiqlol tufayli xalqimiz o'z erkini qo'lga kiritdi, hur va ozod millat sifatida kelajak sari dadil odimlamoqda.

Kelajak esa bugun ta'lim maskanlarida tahsil olayotgan, qalblarida shu yurt farzandi sifatida yuksak orzular bilan yashayotgan farzandlarimiz qo'lida. Ularning har tomonlama komil insonlar bo'lib voyaga yetishi yurtimizning istiqboli yanada yuksak bo'lishiga xizmat qiladi. 

An'anaga ko'ra ikki qo'shaloq ayyom arafasida ta'lim tizimi xodimlari an'anaviy  Avgust   kengashiga yig'ilib, yakunlangan o'quv yilida erishilgan natijalarni sarhisob qilishadi, galdagi rejalar haqida o'zaro fikrlashib oladilar. Mustaqilli- gimizning 30 yillik bayrami "Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik!" shiori ostida kutib olinayotgan bir vaqtda hamkasblarimiz avgust anjumanini shu yurtga, ustoz degan sharafli nomga munosib bo'lish niyati bilan ko'tarinki kayfiyatda o'tkazishdi.

Ma'lumki, istiqlol yillarida yurtimizda ta'limni rivojlantirish, buning uchun barcha shahar va qishloqlarimizda zamon talablariga mos, barcha qulayliklarga ega bo'lgan binolar bunyod etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu yil ham 8, 12, 35, 41, 64-umumta'lim maktablarining o'quv binolari investitsiya dasturi asosida mukammal ta'mir- landi. Shuningdek, 70, 71, 73-umumta`lim  maktablarining filiallarida yangi binolar bunyod etildi. "Obod qishloq" dasturi   asosida 15-maktabning 1290 o'rinli binosi mukammal ta'mirlandi. 63-maktab  filialining 120 o'rinli binosi yangidan qurildi.

Bugungi kunda tumanimizda 95 ta umumiy o'rta ta'lim maktabi, 2 ta IDUM va 1 ta "Barkamol avlod" bolalar maktablari faoliyat olib bormoqda. 2020-2021 o'quv yilida ushbu muassasalarda jami o'quvchilar soni 47944 nafarni tashkil etdi. Tumanda ayni paytda 4148 nafar pedagog xodimlar faoliyat ko'rsatib, shundan 3433 nafari oliy, 117 nafari tugallanmagan oliy, 598 nafari o'rta maxsus ma'lumotli o'qituvchilardir.

O'tgan yili mamlaka-timizda o'tkazilgan milliy reytingda tumanimiz maktablaridan 10 tasi  ishtirok etdi va shundan bitta muassasa, ya'ni 1-IDUM respublikada eng yaxshi natija ko'rsatayotgan 20 ta maktabdan biri sifatida e'tirof etildi.

Joriy yildagi attestatsiya jarayonida 1120 nafar pedagog kadrlar qatnashdi. Erishilgan natijalar o'qituvchilarimizning hali o'z ustida ko'p ishlashi lozimligini ko'rsatdi va yangi o'quv yilida bu ustoz va murabbiylar oldidagi eng muhim vazifaga aylanadi.

Yoshlar bilan ishlash, ularning iqtidor va intilishlarini o'z vaqtida aniqlash hamda to'g'ri maqsadlar sari yo'nal-tirishda ma'naviy-ma'rifiy ishlarning ahamiyati katta. Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha umumta'lim maktablarida ma'naviyat targ'ibotchisi lavozimining joriy etilishi yilning eng muhim voqealaridan biri bo'ldi. Ayni paytda barcha umumta'lim maktablarida taniqli jurnalistlar, shoir va ijodkor murabbiylar yoshlar bilan ish   olib borishmoqda. Shuningdek, bo'limimiz tasarrufidagi "Barkamol avlod" bolalar maktabi qoshida faoliyat ko'rsatib kelayotgan to'garaklarda 52 nafar pedagog xodimlar 1600 nafar o'quvchiga ta'lim-tarbiya bermoqda.

Bitiruvchilarimizning mustaqil hayotda o'z o'rnini topishi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Pedagogik jamoalar mehnatining samarasi aynan mana shunga qarab baholanadi. Ta'lim muassasalarini bitirib chiqayotgan o'quvchi-larimizni faqatgina oliy ta'limga qamrab olish bo'yicha cheklanmasdan, ularning bandligini ta'minlash bo'yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. 2020 yilda 67  foiz, 2021-yilda  75 foiz, 2022-yilda 85 hamda 2023 yilda 90 foiz bitiruvchilarimizning ishga joylashish va tadbirkorlikka jalb etish bo'yicha bandligini ta'minlashga erishish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biridir.

Shuningdek, yurtboshimiz tomonidan  olg'a surilgan besh tashabbus ijrosini ta'minlash borasida ham yil davomida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Yoshlarning    musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san'atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish bo'yicha umumta'lim maktablarida 331 ta to'garaklar tashkil etildi  va ularga 6165 nafar o'quvchilar qamrab olindi. Umumta'lim maktab- lari qoshidagi 18 ta teatr studiyalarida jami 153 nafar o'quvchi bilan mashg'ulotlar olib borilmoqda. Umumiy o'rta ta'lim va sport maktablarida 457 ta sport to'garaklariga 10359 nafardan ortiq o'quvchi-yoshlar jalb etildi. Mavjud  97 ta maktabdan 81 tasi internet tarmog'i bilan ta'minlandi. Shundan 81 tasi optik tolali internet aloqa tizimiga (83 tasi VDSL tartibida) ulandi.

Bugungi kunda tumandagi umumta'lim maktablarida jami 52423 dona badiiy adabiyotlar mavjud bo'lib, shundan 1870 donasi elektron adabiyotlardir. Yil davomida tuman, viloyat, respublika vazirlik, idora, tashkilot va muassasalar rahbarlari hamda deputatlar tomonidan o'zlari o'qigan ta'lim muassasalariga kitoblar sovg'a qilish aksiyasi doirasida 9994  dona badiiy adabiyotlar sovg'a qilindi.

Ha, bugun eng chekka qishloqlarda ham zamonaviy tipda qurilgan, barcha qulayliklarga ega bo'lgan  ta'lim maskanlari faoliyat  olib bormoqda. Bu esa yurtimizdagi tinchlik, farovonlik, e'tibor va g'amxo'rliklar samarasidir. Qolaversa, bu e'tibor bizdan zamon bilan hamnafas  bo'lib ishlash, o'zgarishlarni avvalo, o'zimizdan boshlashni talab etadi. 

Yurtimiz kelajagi bugun ta`lim maskanlarida tahsil olayotgan yoshlar qo`lida. Ularni   ulug` orzular sari dadil odimlashiga erishish esa ustozlarimizning mehnatiga bog`liq.


Abdurahmon BOLIYEV,

tuman Xalq ta'limi 

bo'limi mudiri v. v. b. 


✅@ishtixonovozi