HUR QIZLAR YOKI PAXTAZORLARDAN QOLGAN IZTIROBLAR

(Zoyir Ziyotovning "Quyosh bolasi"nomli romanini o'qib)

-Hech esimdan chiqmaydi, birinchi sinfda o'qirdim. Enam ertalab meni maktabga yuborib, hali yoshiga yetmagan singlim Muhabbatni olib, eshakka minib, dalaga ketardi. Tushga yaqin darsimiz tugardi. Darsdan chiqasolib, lattadan tikilgan papkamni ko'tarib, dalaga - enamning oldiga yugurardim. Maktab bilan paxta dalasining orasi to'rt-besh kilometr bor ediyov. Ariq yoqalab, tutzorlarni oralab, uvatlardan o'tib borardim. Kun tikkaga kelgan, suvsab, charchab ketdim.  Ariqdagi loyqa suvdan ichaman, so'ng, papkamdagi nonni olib, ivitib yeyman dedim. Suvga hovuch botirganimni bilaman, bir katta kuchuk hansirab, ro'paramda to'xtadi. Yaqin orada hech kim yo'q, qo'rqib ketdim... Maktabga olti yoshda borganman, demak, o'sha paytda olti yoshdan ozroq o'tganman.

-Kuchukni ko'rsang, qochma, yerga o'tir, qo'lingga toshmi, kesakmi, olgin. Qo'rqsang, biladi, tashlanadi, der edi momom. O'zim-cha, qo'rqmaganday bo'lsam ham, baribir, yig'lab yubordim.

-Meni tishlama, kuchukjon, enamga paxta terishgani ketyapman, - dedim. It qo'limga qarab, turganini sezib, nonimni unga qarab uloqtirdim. It  nonni tishlab olib, nariga ketdi, menga boshqa qaramadi. Suv ham ichmay, shoshib   o'rnimdan turdim. Oyog'im chalishib ketdi. Bir poy kalishcham suvga tushib ketdi. It uzoqlashganini ko'rib, suvga engashib, kalishchamni izladim, hamma joyim ho'l bo'ldi, pishqirib oqayotgan suvga tushishga qo'rqdim.   Essizgina, kechagina otam bozordan  olib kelgan yangi kalishim edi. Enam bir oydan beri tayinlay-tayinlay oldirtirgan edi. Kun bo'yi maktabda yaraqlatib, suyunib kiyib yurgan edim... Enam urushsa nima   qilaman endi... To daladagi shiyponga yetguncha yig'lab bordim. Enam ham alag'da bo'lib, yo'limga qaray-qaray, paxta terayotgan ekan... Kalishim suvga tushib ketganini aytib, yig'layverdim... Hozir urushsa kerak, deb qo'rqib turibman. Koyidi, meni emas, paxtani koyidi, "o't tushsin, paxtasigayam", dedi...

Yosh bolasi bor ayollar daladan sal vaqtliroq qaytardi. Enam ikki paqir tut terib qo'ygan ekan(Qachon ulgurgan, bilmadim). Xurjunning ikki ko'ziga paqirlarni soldi, shinni pishiramiz, dedilar. Meni orqaga, singlimni oldiga mindirib, eshakni haydadi. Kelaturib, kalishim yo'qolgan joyni uzun cho'p bilan rosa izladi, topilmadi. 

Ertasiga, maktabga yana eski, yirtiq kalishchamda ketdim...  Bu bir kunlik xotira xolos. Barcha tengdoshlarim qatori paxtazor chetidagi tutga boylangan belanchaklarda katta bo'lganmiz. Onalarimizga ergashib, paxta terganmiz. Bolaligimiz, o'quvchi va talaba bo'lganimizda ham, mustaqil ish boshlaganimizda ham umrimiz paxta bilan bog'liq edi. Hatto Toshkenti azimga o'qishga ketsak ham paxta ortimizdan yetib borgan, qish boshlanguncha Sirdaryo dalalarida paxta terar edik...

Zoyir Ziyotovning "Quyosh bolasi" nomli romanini qo'limga olarkanman, xotiramda qadim armonlarim uyg'ondi. O'zimni qaytadan paxta dalalarida ko'rdim. Navnihol paytimizdan yelkamizga ketmonni tashlab, eshaklarga o'tirib, dalaga shoshganlarimiz. Boshimizni ko'tarmay, kim o'zarga paxta terganlarimiz. Ketmon qadoq qilgan, chanoqlar tilgan, hali hamon o'sha  asoratlari ketmagan qo'llarimiz, loyqa suvlar ichganimiz, Ustimizdan og'u sepib o'tgan samolyotlar ortidan chopganlarimiz...

Avvaliga, kitobni ko'rib, buncha qalin (360 bet), qachon o'qib tugataman, deb o'yladim. Boshlaganimdan so'ng boshimni  ko'tara olmadim. Voqealar rostligi, qiziqligi, bir-biriga zanjir kabi bog'lanib ketishi, hayratlarga to'la, ko'z yoshlarga qorishib ketgani, turfa taqdirlari, olis mamlakatlargacha yetib borgani bilan o'quvchini qo'yib yubormaydi. Hammasi o'zimizga tanish manzaralar, tanish kolxozchilar, tabelchilar, brigadirlar, raislar va “kattalar”... Har birimizning paxtazorda kechgan umrimiz.

Kitobda tasvirlangan voqealar Samarqand dalalarida kechadi. Qahramonlar ham o'zimiz bilgan odamlar. O'rmonjon -  muallifning o'zi. U bizlar kabi paxta ichida ulg'aydi. Paxta haqida miridan sirigacha biladi. Uning ham bolaligi, o'smirligi, yoshligining ilk lahzalari paxtazorlar ichida qolgan. "Bolalikning beg'am, betashvish damlari", degan sehrli so'zlar paxtakorning bolasiga yot. Mol yetaklashga yaragan o'g'ildir, qizdir, bisotidagi sigirini yetaklab, dalaga yo'l oladi. Paxtaning ichidan begona o'tlarni yulib, molining oldiga tashlaydi. O'zi uchun yasalgan ketmonchani olib, g'o'za chopiq qiladi. Bir necha qatorlarni o'tdan tozalaydi. Shoshilib birorta g'o'zani chopib olsang bormi, tabelchidan boshing baloga qoladi. Ketmonchani tortib olib, nariga uloqtiradi, o'zingni daladan haydaydi. Paxta odamdan aziz bo'lgan yillar...

Paxta siyosati va paxtakorlar qadrining toptalishi, hammamizning yodimizda ketmas izlar qoldirgan... "Oq oltin"imizning dovrug'i Kremlgacha yetib borar, uni yetishtirganlar qamoqxonalarda xo'rlanar edi.

Hamon esimda, tarix fanidan bitirish imtihoni topshirish uchun, fartuklarimizni, yagona forma kuylagimizni yuvib, silliqlab, o'g'il bolalar uchun atalgan (ikki so'mlik) latta botinkamizni yuvib, quritib kiyib maktabga borganmiz. Hayajon bilan imtihon boshlanishini kutib turibmiz. Shu paytda o'qituvchimiz, sinfga kirib:

-Hozir hammamiz qo'riqdagi falon brigadirning paxta dalasiga boramiz. G'o'zalar qatqaloq bo'libdi(yer qurib, niholni bo'g'zidan oladi), yerni yumshatamiz,-dedi.

-Imtihon qachon bo'ladi, muallim?

-Paxtazorda, mehnatingizga qarab...- egnimizga qarab qo'yganimizni ko'rib, - Vatan uchun xizmat qilish bayram emasmi? -deb qo'shib qo'ydi.

-Bayram, albatta,- deb chug'urlashdik...

O'sha kuni hammamizga a'lo va yaxshi baholar qo'yildi. Men maktabni bitirib, olgan Oltin medalim sahifalarida ham  g'olib paxta siyosatining og'riqlari ko'p edi...


                   * * *   

Voh, bu kitob buncha yuragimni titmasa-ya? Balki barimizning yuragimizdagi dardlarni topib aytilganidan shundaydir...   Kitobning "Hur qizlar" nomli bobida -Traktor telejkasida dalaga otlangan 17 nafar qizning hammasi fojiali halok bo'lgani haqida yozilgan. Traktor nishab joydan suvga qulaydi. Telejka ham, qizaloqlar ham... Bir oiladan 14 - 15- 16 yoshli uch qizaloq halok bo'ldi. Ularning otasi yo'q, yolg'iz onasi bor edi. Qizchalar pul ishlab kelib, ro'zg'orimizni butlaymiz, deb chiqishgan edi. Ular kolxozchi qizlar edilar(mening ham mehnat daftarcham 14 yoshimda ochilgan va ikki yilda ishlagan mehnat kunlarim yozilgan).

Yolg'iz ayol - ona o'sha tundayoq, hali qizlarining jasadi topilmay turib, jon beradi. 17 ta tobut yoniga 18-tobut ham qo'shiladi. Bu zuryodi tugab bitgan onaning tobuti edi. O'n sakkizinchi tobut ichida butun o'zbek onalarining chiqolmagan jonlari ham bor edi. Paxta yetishtiraman deb, bolalari xo'rlangan, zo'rlangan, qamalgan ayollarning bo'g'ziga tiqilgan jonlari ham bor edi. Ayblovga qo'l qo'ymasang, bokira qizingni, xotiningni ko'z o'ngingda zo'rlayman, degan Gdlyanlar qoldirgan alamlar ham bor edi... O'sha kuni qabrga 17 nafar hur qizlar va bir onaning jasadi qo'yildi. Yer yig'ladi, osmon yig'ladi, O'zbekiston yig'ladi, hatto paxtalarning o'zi ham yig'ladi...

                * * *

Muhabbatning kashf qilinmagan jumboqlari inson umri qadar mavjud. Uni hamma o'zicha izohlaydi. Hamma o'zini haq deb biladi. Zoyir Ziyotov tasvirlagan muhabbat boshqacha. Uning qahramonlari jimgina iztirob chekadi. O'quvchisini ham jimlik qa'riga ohista yetaklaydi.

O'smir O'rmonjonning muhabbati qiziq. Paxtazorda chopiqqa safarbar qilingan moviy ko'zli farishta, tibbiyot hamshirasi Albinani chiroyi, osmon sifatli ko'zlari, toza qalbi uni hayratga soladi. Kap-katta juvon va o'smir munosabatlari qanday kecharkan, degan savol aylanadi.

Bir marta ko'ksiga bosh qo'yib, onalik, opalik mehrini tuygan, toza qalb mehriga sazovor bo'lgan O'rmonjon paxta tufayli iztiroblar chekkan Albina opasini kuchi yetguncha, umr bo'yi himoya qiladi. Mehriga, izzatiga sazovar bo'ladi. Er yetib, Albinaga o'xshagan moviy ko'zli, sof yurakli umr yo'ldoshi topadi o'ziga.

Kitobda o'zbekona do'stlik, sadoqat, mardlik, ota-onalariga hurmat, farzandlar tarbiyasi, sadoqat, odamiylik tuyg'ulari juda go'zal tarannum etilgan. Oilaviy an'analarni o'rgansa arziydi. Bular hammasi olimlar fikr bildiradigan, kashf qiladigan o'zbekcha fazilatlardir.


                * * *   

"Quyosh bolasi"ni o'qiy turib, millatimizni mahv qilgan, boshiga kechirilmas kulfatlar solgan narsa paxta emas, balki paxtani vosita qilgan siyosat ekanini anglaymiz. Tariximizni qora harflarda bitganlar paxtafurushlar ekanini tushunamiz.

Olim va adib Zoyir Ziyotov paxtani otasining ta'biri bilan quyosh bolasi deb ta'riflaydi. Uni yetishtirish uchun quyoshning tafti, dehqonning haroratli mehri  kerak deydi.

O'zbek paxtachiligi tajribasini muallif xorijliklarga borib o'rgatib keladi va ularning olqishlariga sazovor bo'ladi. Paxta ekib, yetishtirib, ro'zg'orga baraka kiritish, davlatni boy qilish, dunyoning ko'z o'ngida eng nufuzli mamlakatga aylanish mumkinligini isbotlaydi. Bu halol, texnikaga tayangan, ilmiy asosda tashkil qilingan mehnat xalqi, millati sha'nini ulug'lashini tushuntirib beradi.

Albatta badiiy uslubda, o'quvchini zeriktirmaydigan uslubda tasvirlaydi.

24 yoshida Ishtixondagi “8-Mart” kolxozida dongdor rais, xorijda paxtakor olim bo'lgan o'zimizning Zoyir Ziyotov, endilikda tarixiy romanlar yozgan, tarixchilar aytmagan gaplarni aytishga jur'at qilgan qomusiy olim, bugun bizga kechagi kunimizni ko'z oldimizga keltirishga, haqqoniy tasvirlashga jur'at etib turibdi.

Kitobga so'z yozganlar - yozuvchi Mamadali Mahmudov, adabiyotshunos adiblar Mahkam Mahmudov, Ortiqboy Abdullaev, shoir va jurnalist Zayniddin Bahriddinov, jurnalist Husan Ermatovlar yozuvchining mahorati haqida ajoyib fikrlar bildirishgan. Ulardan o'tib nima ham derdim. Bir shoir, Samarqandning odami va ayol sifatida his qilganlarimni qisqartira - qisqartira yuqoridagilarni qog'ozga ko'chirdim. Qolganlarini kitobdan o'qing va hayotiy qahramonlarni tanib oling.


Xosiyat 

BOBOMURODOVA, O'zbekitonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoira.

✅@ishtixonovozi

Мавзуга оид: