YOSHLARNI JINOYATDAN ASRAYLIK

Yoshlar yurtimiz aholisining asosiy qismini tashkil etadi. Qolaversa, ular kelajagimiz egalari, ertangi kunimiz bugungi yoshlarning intilish va iste`dodlariga bevosita bog`liqdir. Shu boisdan ham mamlakatimizda yosh avlod tarbiyasi, ularni turli illatlardan asrash masalasiga jiddiy e`tibor qaratilmoqda.

Eng muhimi, bu ishga  faqat ma`lum bir tashkilot yoki idoraning,  ota-ona va o`qituvchilarninggina emas, barchamizning burchimiz sifatida yondashilayotir.

 Davlatimiz tomonidan qabul qilingan "Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida"gi, "Bola huquqlarining kafolatlari to`grisida"gi, "Voyaga yetmaganlar o`rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar   profilaktikasi to`g`risida"gi hamda "Bolalarni ularning sog`ligiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to`g`risida"gi qonunlar yoshlar masalasida davlat siyosatining   asosiy ustuvor yo`nalishlari hisoblanadi.

Ushbu qonunlar mohiyatini aholi, xususan ota-onalarga yetkazish maqsadida tuman sudi tomonidan mahalla, ta`lim maskanlari, turli tashkilot va muassasalarda sayyor sud majlislari hamda ochiq muloqotlar o`tkazilib, yoshlar o`rtasida huquqbuzarlik va jinoyat sodir etilishining oldini olishga qaratilgan targ`ibot-tashviqot chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

 Chunonchi, o`tgan 6 oy davomida tumanimizda 77 nafar shaxsga nisbatan 67 ta jinoyat ishlari mazmunan ko`rib tamomlangan bo`lsa, shundan qariyb yarmi, ya`ni 36 nafar shaxsga nisbatan 30 ta yoshlar tomonidan sodir etilgan. Yoshlar o`rtasida jinoyatlarning oldini olish va ularga huquqiy yordam ko`rsatish maqsadida 26 nafar yoshlarga nisbatan 22 ta jinoyat ishi sayyor sud majlisida mazmunan ko`rib chiqilgan. Ishda ishtirok etgan 39 nafar yoshlarga davlatimiz tomonidan olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mazmuni va mohiyati atroflicha tushuntirildi.

 Sud majlislarida ko`rib tamomlangan jinoyat ishlari tahlil etilganda yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga asosan ularning ishsizligi sabab bo`layotgani ma`lum bo`layotir. Yoshlarni munosib ish o`rinlari bilan ta`minlash, munosib ta`lim olishlarini yo`lga qo`yish hamda ularni kelgusida jinoyat yoki huquqbuzarliklar sodir etishining oldini olishda o`tkazilayotgan muloqot-larning ahamiyati juda katta.

Jinoyatchilikning oldini olishda ota-onalarning mas`uliyati juda muhimdir. Shu bois o`tkazilayotgan suhbatlarda masalaning ana shu jihatiga alohida e`tibor qaratilmoqda. Oilada huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish - yoshlarning to`g`ri yo`ldan adashmasliklarida asosiy o`rin tutadi. Chunki ular jinoyatning oxiri muqarrar jazo ekanini bilishadi, undan yiroq bo`lishga ongli ravishda intilishadi. Kasb-hunar egallab, halol mehnat bilan shug`ul-lanishni maqsad qilishadi.

Prezidentimiz ta`kidlaganlaridek, jinoyatchilikka qarshi kurashda mas`ul bo`lgan idoralarning asosiy vazifasi jinoyatchini topish va jazolash emas, balki jinoyat sodir etilishiga imkon bergan va sharoit yaratgan holatlarni aniqlab, jinoyatchilikning oldini olishdan iboratdir. Bu vazifani a`lo darajada uddalash esa yoshlarimizni to`g`ri yo`lga boshlash, ularning hayotda o`z o`rnini topishiga imkon yaratish demakdir.


B.JUMABOYEV,

Samarqand viloyat sudi sudyasi.

K.PANSATOV,

Jinoyat ishlari bo`yicha Ishtixon tuman sudi raisi.


✅@ishtixonovozi